Peshku: “Sadir” va “Deycha”da aholining tomorqa yeridan foydalanish ahvoli, issiqxona xoʻjaliklarini tashkil etish ishlari oʻrganildi
2025-02-19 12:40:00 / Yangiliklar

Shu nuqtayi nazardan, viloyat hokimining birinchi oʻrinbosari Botir Ahmedov, tuman hokimi Hayot Davlatov, maʼmuriy sektorlar rahbarlari va boshqa tegishli masʼullar hamrohligida “Sadir” va “Deycha” mahallalarida aholining tomorqa yeridan foydalanish ahvoli, issiqxona xoʻjaliklarini tashkil etish va yuritish loyihasi bilan tanishdilar.
Tuman markazidan 5 kilometr uzoqlikdagi “Sadir” mahallasi ayni paytda Yangigul, Makadid, Sadir, Dedaroz, Yangiturmush, Allot qishloqlarini oʻzida jamlagan boʻlib, unda istiqomat qilayotgan aholi soni 4 ming nafardan oshgan. Oʻtgan yili hududda “Temir daftar”dan 3 nafar, “Ayollar daftari”dan 90 nafar va “Yoshlar daftari”dan 69 nafar fuqaro oʻrin olgan boʻlib, ular bilan tizimli ish olib borilgani natijasida bu oilalar uchun daromad manbai yaratilgan. Jumladan, uch yil burun sadirliklardan 200 nafarga yaqini rasman ishsiz, 300 nafardan ortiq qishloq aholisi chet davlatlarga qatnab ishlashga majbur boʻlgan boʻlsa, endilikda manzilli olib borilayotgan saʼy-harakat natijasida bu koʻrsatkichlarni keskin qisqartirishga, sadirliklarga daromadli ish yaratib berishga erishilmoqda.
Tomorqachilikni olsak, shu kunlarda “Sadir”da aholiga uzoq yillik ijara asosida taqsimlab berilgan 8 gektar yer maydonida issiqxona xoʻjaliklarini tashkil etish va bunda ekin-tikin ishlarini boshlash, mahsulot yetishtirish chora-tadbiri koʻrilmoqda. Jarayonda taʼminotchi tomoni yengil konstruksiyali ixcham issiqxonani imtiyozli narxda, 8 million soʻm qiymatda qurib berishni oʻz zimmasiga olgan.
Mahallada issiqxona xoʻjaligi, tomorqachilik shakllanmoqda. Aholining 70 foizidan ortigʻi, deyarli 3 mingga yaqini bevosita tomorqa ishi, dala-dehqonchilik agrotexnikasi bilan band. Shu kunlarda hududdagi aholi xonadonlari tomorqalarida 3 gektarga yaqin yerda sabzi, 2 gektarga yaqin yerda kartoshka yetishtirilayotgani ham aholi dasturxoni toʻkinligiga xizmat qiladi.
Masalan, tajribali dehqon, Yangigul qishlogʻida Xayriddin Tohirov 20 sotix yerda issiqxona xoʻjaligi bilan band boʻlsa, uning qoʻshnilari, aka–uka Alisher va Sulton Togʻayevlar ham umumiy yeri 30 sotixdan ortiq joyda issiqxona qurib, yiliga uch marta hosil olish tajribasini oʻzlashtirishgan. Dedaroz qishlogʻida yashovchi Bobur Amonov 10 sotixli issiqxonasida, shu koʻchada yashovchi aka-uka Xurshid hamda Farrux Jamolovlarning har biri 8 sotixdan, yana bir mirishkor Zulfiddin Amonov 35 sotixli issiqxonasini yashnatib, “duga”li sim va plyonka ostida sabzi, kartoshka va boshqa sarxil mahsulotlar yetishtirmoqda.
Oʻtgan yili “Obod xonadon, obod koʻcha, obod mahalla” meʼzonlari asosida yangilanib, qayta chiroy ochgan “Deycha”da ham aholi tomorqalaridan unumli foydalanish dolzarb ahamiyatga ega. Bu yerda ijara asosida aholiga ajratib berilgan 10 gektar yer maydonida issiqxona xoʻjaliklarini tashkil etish loyihasi roʻyobga chiqarilmoqda.
— Yangi hayot, Kodravon, Yangi yoʻl, Chorobod, Bolin, Deycha, Zarafshon kabi 7 ta qishloqdan tashkil topgan mahallamizda bugunga kelib 536 ta xonadon, 698 ta oila va ularda jami 2 ming 500 ga yaqin aholi istiqomat qilmoqda,—deydi “Deycha” MFY raisi Sirojiddin Qobilov.—Oʻtgan yildagi oʻrganish va xatlovlarga nazar solsak, alohida madadga muhtoj oʻndan ortiq oila, rasman qirqqa yaqin ishsiz, 108 nafar chet elga qatnab yurgan mehnat migranti, shuningdek, 80 nafar “Ayollar daftari”dan, 17 nafar “Yoshlar daftari”dan oʻrin olgan fuqaro ijtimoiy muhofazaga olingan boʻlib, ular oilalarini har jihatdan qoʻllab-quvvatlash choralari koʻrilgan.
Mahallada ishsizlikni qisqartirish maqsadida 44 nafar aholining bandligi taʼminlangani, oʻnlab oilalar imkoniyatiga binoan, ixcham issiqxonasiga ega boʻlayotgani quvonarli, albatta. Botir Ahmedov boshliq viloyat mutasaddilari “Deycha” mahallasida yashovchilar Farhod Kamolov hamda Kenja Kamolov xonadonlaridagi, har biri 10 sotixdan iborat issiqxonalarida shu kunlarda pomidor va bulgʻor qalampiri parvarishi bilan mashgʻulliklarini ham borib koʻrdilar.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati