“Qizil hudud” toifasiga kiritilgan mahallalarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish choralari koʻrilmoqda
2025-02-19 12:20:00 / Yangiliklar

Yurtdoshlarimiz har jabhada kechayotgan yangilanish va oʻzgarishlarni oʻz kundalik hayotida yaqqol his etishlari uchun ayni kunda har bir shahar-tumandagi “mahalla yettiligi” masʼul xodimlari salohiyatini oshirish dolzarb ahamiyatga ega. Shu nuqtayi nazardan, viloyat hokimining birinchi oʻrinbosari Botir Ahmedov, viloyat hokimining oʻrinbosari Hafiza Artikova, Vobkent tumani hokimi Akmal Ostonov hamda boshqa mutasaddilar, maʼmuriy sektorlar, tegishli tashkilotlar rahbarlari bilan birgalikda tumanning "Teraklik" va "Gʻaribshoh" mahallalarida boʻldilar.
Ayni kunda tumanda mavjud 44 ta mahalla fuqarolar yigʻinida ijtimoiy muhofazaga olingan oilalar va ular aʼzolari bilan samarali ish olib borish, ishsiz va daromadsiz qolgan uy bekalariga oʻzlariga mos daromad manbaini yaratib berish, tadbirkorlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash orqali kambagʻallikni qisqartirish chora-tadbirlari koʻrilmoqda. Teraklik va Gʻaribshoh mahallalarida boʻlgan mutasaddilar ogʻir sharoitda yashayotgan oilalarni kambagʻallikdan chiqarish, tadbirkorlik ishlarini boshlash borasida “mahalla yettiligi” va nuroniylar bilan suhbatda boʻlib, hududni "qizil toifa"dan chiqarish boʻyicha "yoʻl xaritasi"ni ishlab chiqish ustida muloqot uyushtirdilar. Mazkur "yoʻl xaritasi" aholi turmush darajasi va bandligini oshirish, hududni jadal va kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni taʼminlaydi.
Birgina “Gʻaribshoh” MFY ni olsak, tuman markazidan 15 kilometr uzoqlikdagi mahalla qishloqlarida jami 610 ta xonadon, 845 ta oila va ularda jami 3 mingdan ortiq aholi istiqomat qilmoqda. Hududda oʻtgan yil davomida “Temir daftar”ga kiritilgan 9 nafar, “Ayollar daftari”da boʻlgan 107 nafar, “Yoshlar daftari”da boʻlgan 18 nafar fuqaroni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash va ular doimiy bandligini taʼminlash, nochor va ogʻir sharoitda yashayotgan 24 ta oilani sogʻlomlashtirish va daromadli qilish chora-tadbiri koʻrilgan.
“Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida oʻtgan yili Teraklik qishlogʻida ham aholi vakillaridan 11 mingdan oshigʻining yakdil ovozi bilan qiymati 805 million soʻm mablagʻ yutib olinib, 1,5 kilometrga teng qishloq yoʻli asfaltlashtirilgan. Shu bilan birga, aholi talab va murojaatlaridan kelib chiqib muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari taʼmirdan chiqarilmoqda.
Viloyat hokimining birinchi oʻrinbosari Botir Ahmedov boshchiligidagi mutasaddilar mazkur mahallalarda qiyin sharoitda umrguzaronlik qilayotgan Jumayev Rajabboy, Islomov Mirzoqul, Olimov Abduvaxob, Shodiyev Qurbon, Boltayev Bahodir, Rahimov Oʻktam, Bafoyev Imomiddin, Odilov Shokir, Aʼzamov Rahmat, Baqoyev Turobboylarning xonadonlarida boʻlishib, mavjud imkoniyatlarni, oila aʼzolari mehnat qobiliyatini oʻrgandilar.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati