Vobkent: shirinlik mirishkor daromadidan “Nexia-3” avtomobili xarid qildi
2025-02-10 12:20:00 / Yangiliklar

Tomorqachilik va issiqxona xoʻjaliklari rivojlantirilayotgan Vobkent tumanida ham 2024-yil yakuniga binoan barcha turdosh korxona va aholi xoʻjaliklarida parvarishlanayotgan parranda soni 350 ming boshdan oshirilgan. Xuddi shunday, hududda parhezbop parranda goʻshti va tuxum yetishtirish salmogʻi oʻtgan yillardagiga nisbatan sezilarli ravishda koʻpaygani aholi dasturxoni toʻkinligini taʼminlamoqda.
Masalan, "Shirin" MFY da istiqomat qilayotgan tadbirkor "Roʻziyev Nasullo" oilaviy korxonasi 3 yil burun 30 million soʻm kredit mablagʻi asosida Vengriya respublikasidan “Ross-308” zotiga mansub 1 ming bosh parrandani xarid qilib keltirib, parvarishini boshlashgan. Bu borada uch yildirki, tarmoqda muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan "Roʻziyev Nasullo" oilaviy korxonasi tashabbuskor boʻlib, aynan parrandachilik tarmogʻini rivojlantirishga doir qator istiqbolli loyihalarini roʻyobga chiqarmoqda.
“Ross-308” zotli tovuqlariga kelsak, goʻsht yoʻnalishida boqiladigan bu parrandada mahsuldorligi nisbatan yuqoriligi bilan ajralib turadi. Tovuqlarni koʻpaytirib, xalqimizni parranda goʻshtiga va tuxumga boʻlgan ehtiyojini qondirishdan tashqari, bozorga chiqarib yaxshigina daromad olmoqda. Bugunga kelib bu oilaviy korxonada tovuq soni 3500 boshga yetkazilgani quvonarli, albatta.
Parranda parvarishini avvalo havasdan boshlab, keyin tirikchilik vositasi, bugunga kelib esa daromad manbaiga aylantirgan Nasullo Roʻziyev hozirda 3 ming 500 bosh tovuqni ogʻilxonasiga maxsus parranda qafaslariga joylashtirgan. Tuxumga kirgan tovuqlardan har kuni 2 ming donadan oshirib tuxum olib, donasini 1000 soʻm atrofida sotib, xonadoniga daromad olib kirmoqda. Shuningdek, mirishkor xonadon sohibi 8 kishini ish bilan taʼminlagan. Umumiy olib borilayotgan parranda parvarishidan bir oila oyiga 50 million soʻm daromadga erishmoqda.
—Oʻzimcha astoydil qiziqib, zooveterinarlardan soʻrab-surishtirib bildimki, parranda uchun bahor va yoz fasllari gʻoyat qulay iqlim sharoiti hisoblanarkan, — deydi Nasullo Roʻziyev.—Bu davrda tovuq tez yetiladi va tuxumga kiradi. Biz boqayotgan zotdor parranda ham belgilangan yoshiga yetib tuxum berishni boshladi. Parvarishiga qarab omuxta yemi, kundalik ozuqasi, emlanishlardan qolmasa, tovuqlarimiz toʻliq tuxum beraveradi. Dastlabki bosqichda kuniga 1 ming donadan oshirib tuxum olishga erishgan boʻlsak, bu kuniga 1 million soʻmdan oshiq daromad degani. Endi bir oylik daromadni oʻzingiz chamalayvering. Ammo buning uchun parrandaga diqqatli boʻlish, omuxta yemi, oziq-ovqat ratsioni bilan birga dori-darmoni, vaksinalarini oʻz vaqtida berish lozim. Mana, yaqinda shu ishimiz daromadidan "Nexia 3" avtomobilini sotib oldik.
Albatta, shart-sharoit va imkoniyat bor joyda moddiy manfaatdorlik boʻladi. Buning uchun esa har qanday ish boshlanishida uchraydigan qiyinchilikdan choʻchimasdan, mehnatni boʻyinga olish, mehnatdan qochmaslik, aniq maqsad yoʻlida ter toʻkish taqozo etiladi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati