Shofirkon: kamxarj tomorqachi oilalarga 50 ming tup mevali daraxt koʻchati tarqatildi
2025-02-07 18:20:00 / Yangiliklar
![Shofirkon: kamxarj tomorqachi oilalarga 50 ming tup mevali daraxt koʻchati tarqatildi](/_next/image?url=https%3A%2F%2Fapi-portal.gov.uz%2Fuploads%2Fd1bfe99f-154b-60b6-4122-949b0fc0bf26_lists_slider_.jpg&w=3840&q=75)
Xususan, hududlarda bogʻ-rogʻ yaratish, tokzorlar, “yashil belbogʻ”lar barpo etish, koʻkalamzorlashtirish ishlarini jonlantirish boʻyicha berilgan tavsiya va topshiriqlar ijrosi izchil nazoratga olingan. Shofirkon tumanida ham endilikda bu tizim yangi bosqichga koʻtarildi.
Baʼzi statistik raqamlarga nazar solsak, hududda kam taʼminlangan 821 ta oilaga 16 ming 420 tup, 2 ming 273 nafar bolalikdan nogironligi boʻlgan oilalar uchun 27 ming 276 tup, boquvchisini yoʻqotgan 510 ta oilaga 3 ming 570 tup, 92 ta yakka-yolgʻiz oila uchun 920 ta hamda mahalla hududini koʻkalamzorlashtirish maqsadida 1 ming 814 tup, umumiy hisobdan 50ming tup mevali daraxt koʻchati tarqatilib, “Yashil makon” umummilliy loyihasiga munosib hissa qoʻshish harakatiga kirishilgan.
Vodiydan keltirilgan serhosil va sara navli gilos, oʻrik, behi, olma, shaftoli va boshqa turdagi mevali daraxt koʻchatlarini mahallalarga tarqatib, muayyan toifadagi oila xonadonlariga yetkazib berish, bu nihollarni talab darajasida oʻtqazilishini koʻzdan kechirish, intensiv parvarishini tashkil etish maqsadida viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi Ikromjon Tursunov tuman hokimi Alisher Fayzilloyev bilan birgalikda mahallalarda boʻlishib, boshlangan ishlar bilan yaqindan tanishdilar. Mahalla raislari bilan muloqotda “yettilik” masʼullarga nihol oʻtqazish va unib oʻsishiga shart-sharoit yaratish kabi muhim agrotexnik chora-tadbirlarga eʼtibor qaratildi.
Jumladan, Chuqurak mahallasida istiqomat qiluvchi Yulduz Roʻziyeva oilasi ham kam taʼminlangan xoʻjaliklar qatoriga kiradi. Uning turmush oʻrtogʻi Xolmat Hasanov ikkinchi guruh nogironi. Oilaning barqaror daromad manbaiga ega boʻlishi uchun mahalla madadi bilan 15 bosh tovuq olib berilgani, bu tashabbus orqali ularning bandligi taʼminlanayotgani barobarida 25 tup mevali daraxt koʻchati yetkazib berilgani bir oila uchun ayni muddao boʻldi.
Muhimi, bu tashabbus oddiy yordam emas, balki oilani iqtisodiy “sogʻlomlashtirish” yoʻlida qoʻyilgan xayrli qadamdir. Bu kabi oilalarda yashovchilarga umid, ishonch va ertangi kun uchun imkoniyat taqdim etilayotganidir. Bu loyihalar orqali nafaqat Chuqurak, barcha mahallada oʻnlab qiyin sharoitdagi oilalar turmush sharoitini yaxshilash, ulardagi yurtdoshlarimizning munosib hayot kechirishiga yaqindan hissa qoʻshish maqsad qilingan.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati