Vobkent: Sodiq Tilavov broyler joʻjadan 40 kunda 20 million soʻm foyda koʻrmoqda
2025-01-31 21:10:00 / Yangiliklar

Bu kabi korxonalar xalqimiz dasturxonini sifatli va arzon tovuq goʻshti va tuxum mahsulotlari bilan taʼminlabgina qolmay, yangi ish oʻrinlari yaratilishi tufayli moddiy manfaat topishmoqda. Ayni kunda Koʻlxatib mahallasida yashovchi aholi xonadonlari orasida “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida broyler joʻja boqib, parhezbop goʻsht yetishtirish ommalashib bormoqda. Bunda mahalladagi hokim yordamchisi tavsiyanomasi asosida “Xalq banki” tuman filialidan 33 million soʻm kredit mablagʻini olib, 3 ming bosh broyler joʻja xaridiga tikkan oila sohibi Sodiq Tilavov ish tajribasi ham fikrimiz dalili.
—Biznes loyihamizga binoan, boshida taʼminotchi subyekt bilan xoʻjaligimizda 1 ming bosh broyler joʻja parvarishlab, parhezbop goʻshtini yetkazib berishga kelishganmiz,—deydi mirishkor xonadon sohibi Sodiq Tilavov.—Buning evaziga taʼminotchi ozuqasi va emlanadigan dorisini yetkazib bermoqda. Qirq kunda parrandalarni talab darajasida parvarishlash uchun risoladagidek tovuqxona barpo qildik. Hisob-kitob qilib koʻrsak, 40 kunda bitta broyler joʻja boqish uchun oʻrtacha 35 ming soʻm xarajat qilinar ekan. Har bir joʻja 40 kunda oʻrtacha 2 kilogram goʻsht qilsa, 55 ming soʻm daromadga ega boʻlarkanmiz. Bu roʻzgʻorimizga 20 million soʻm sof foyda degani.
Tovuq boqishning oʻziga yarasha qiyinchiligi bor. Yoz jaziramasida tovuqxonada haroratni barqaror saqlash, qish qahratonli, seryogʻin kunlarda ham tovuqxona haroratini 25 gradusdan tushirmaslikka harakat qilinadi. Qolaversa, har hafta–10 kunda emlashlarini oʻtkazib, maxsus minerallar bilan boyitilgan kombi-kormi, ozuqasini ham saralab berish taqozo qilinadi. Muhimi, tarmoqqa tikiladigan sarmoya, qisqa vaqt ichida qilingan xarajatlarning qoplanishi, qolaversa, aholining parhezbop parranda goʻshtiga boʻlgan talabi oshib borayotgani Sodiq Tilavov singari oilaviy xoʻjaliklar qiziqishiga sabab boʻlmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati