Peshku: “Kamolot” MFYda kichik biznes va oilaviy tadbirkorlik rivojlanmoqda
2025-01-31 20:30:00 / Yangiliklar

Chekka tumanning “Kamolot” MFYdagi Saroycha, Poʻkkalak, Chorobod kabi qishloqlarida 312 ta xonadon, 515 ta oila va ularda jami 1 ming 700 ga yaqin aholi istiqomat qilayotgan boʻlsa, ular duch kelayotgan tashvish-muammolari bilan tizimli ishlash, ijtimoiy muhofazaga muhtoj oilalarni qoʻllab-quvvatlash, kambagʻallikni qisqartirish, qolaversa, mahallani har qanday koʻngilsizlik va jinoyatlardan xoli hududga aylantirish har qachongidan dolzarbligicha qolmoqda.
Hududda tadbirkorlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash va qoʻshimcha ish oʻrinlarini yaratish maqsadida koʻzga koʻrinarli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Birgina tuman hokimining mahalladagi yordamchisi tavsiyanomasi asosida daromadli ishiga ega boʻlayotgan xonadonlar faoliyati fikrimizga dalil.
Jumladan, shu hududda yashovchi Hakim Sadirov hamda Munis Narzullayevlarga xuddi shunday tavsiyanomaga muvofiq, “Biznesni rivojlantirish banki” resursi hisobidan 200 million soʻm miqdorida kredit mablagʻi ajratilgan. Bu sarmoya evaziga havaskor ishbilarmonlar layoqatiga qarab 14 bosh chorva moli xarid qilgan. Aksariyati sogʻin sigirlar har biridan hozirda kuniga 10 litr atrofida sut sogʻib olinmoqda. Imkoniyatdan unumli foydalanayotgan yigitlar sutni qayta ishlash sexi faoliyati yoʻlga qoʻyilgani tufayli yana 2 nafar ishsiz fuqaro bandligini taʼminlamoqdalar. Ular koʻmagida smetana, “Al Aziz” yorligʻi ostida qaymoq qadoqlab chiqarilmoqda.
Shuningdek, davlatimiz rahbarining yuqoridagi 306-sonli qaroriga muvofiq shu mahallada yashovchi Dildora Ramazonova ham tashabbus bilan chiqib, hokim yordamchisi tavsiyanomasi asosida 100 million soʻm miqdorida kredit mablagʻini olgan. Bu sarmoyaga toza ichimlik suvini qadoqlash va avtomashinalarni yuvish shaxobchasini tashkil qilishga erishgan va bu tashabbusi tufayli 2 nafar yoshni ish bilan taʼminlamoqda.
“Yetti xazinaning biri” asalarichilik bilan shugʻullanayotgan xonadonlar moddiy manfaatdorligiga koʻplar havas qiladi. Mehnati oson emas, ammo mashaqqatini zimmaga olsa, daromadga erishish mumkin. Kamolotlik yana bir fuqaro Zaxriddin Egamov ham asalarichilikka qiziqib, oilaviy kredit dasturi doirasida 33 million soʻm kredit sarmoyasiga ega boʻldi. Intiluvchanligi zoye ketmayotgan yigit asalari uylarini koʻpaytirishga jiddiy kirishib, hozirda ikki tengdoshini ish bilan taʼminlamoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati