Botir Zaripov “Temurbek Sardor Sarvar” chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xoʻjaligi faoliyati bilan tanishdi
2025-01-28 21:55:00 / Yangiliklar

Jumladan, tumanning “Xosaboʻyi” MFY da “Temurbek Sardor Sarvar” fermer xoʻjaligi chorvachilik tarmogʻini rivojlantirayotganiga 7 yil toʻlmoqda. Sohada yetarli tajribaga ega Javlon Hamroyev boshchilik qilayotgan xoʻjalik dastlabki yili 100 bosh qoramol bilan faoliyatini yuritgan boʻlsa, bugunga kelib, talab darajasida barpo qilingan ogʻilxona pavilyonida parvarishlanayotgan jami qoramol soni 200 boshga yetkazilgan.
— Bizda faqat nasldor qoramol boqib, boʻrdoqiga parvarishlash, chet eldan zotdor qoramollarni xarid qilib keltirib, sut va goʻsht yetishtirishda koʻpaytirib boqish tajribasi oʻzlashtirilmoqda, – deydi “Temurbek Sardor Sarvar” fermer xoʻjaligi rahbari Javlonbek Hamroyev. — Shu boisdan, oʻtgan yillari chet eldan, Boltiqboʻyi davlatlari, Chexiyadan “smental”, “angust”, “golshteyn”, “sharoli” zotiga mansub nasldor sigir-buzoq va boʻrdoqiga boqiladigan hoʻkizlarni keltirib, boqib, jamoamiz va tumanimiz moddiy manfaatdorligini oshirmoqdamiz.
Fermer xoʻjaligi dastlabki ish boshlagan yillarida xorijdan nasldor qoramol olib kelish uchun “Xalq banki” tuman filialidan qiymati 1 milliard 400 million soʻm miqdorida kredit mablagʻini rasmiylashtirib,faoliyatini rivojlantirgan. Soʻngi marta subyekt 2024-yil oktyabr oyida Qozogʻistonning Pavlodar viloyatidan 500 bosh “greyford” zotiga mansub boʻrdoqichilik yoʻnalishidagi hoʻkizlarni xarid qilib keltirgan. Bir yoshga yetmagan buqalar Olot va Qorakoʻl tumanlarida chorvachilikka, mol boqishga qiziqadigan oilaviy xoʻjaliklarga taroziga tortib, tarqatib sotilgan. Xuddi shunday, Latviya, Litva, Chexiya davlatlaridan xarid qilingan jami 150 boshdan ziyod gʻunajin nasl olish, buzogʻini koʻpaytirish uchun aynan “Temurbek Sardor Sarvar” fermer xoʻjaligi tomonidan keltirib, ikki tumanda tegishli tartibda sotilgan.
Fermer xoʻjaligi chorva mollarini talab darajasida parvarishlashi, veterinariya tartib-qoidalariga va kunlik ozuqa ratsioniga qatʼiy amal qilishi, mahsuldorlikni oshirishi uchun ekin yeriga ega boʻlishi juda muhim. Bu borada “Temurbek Sardor Sarvar” fermer xoʻjaligi “Xosaboʻyi” hududida 30 gektar ekin yeriga egaligi tuyoq sonini oshirish imkonini bermoqda. Aniqrogʻi, bu yerning 10 gektarida oʻt beda, 5 gektarida makkajoʻxori, 5 gektarida boshoqli don, yana tariq va boshqa takroriy ozuqabop ekinlar yetishtirib, qishki mavsumga yetarli yem-xashak zahira qilinmoqda. Fermerning aytishicha, joriy qishlov uchun xoʻjalikda 800 tonna atrofidagi silos, somon va boshqa dagʻal pichan gʻamlangan. Ammo bu ayni kundagi talab va ehtiyojni toʻla-toʻkis bartaraf etmayotgani bois, yem-xashakni turdosh xoʻjaliklardan sotib olishga ham toʻgʻri kelmoqda.
— Shu kunlarda bizda “Qizilchoʻl” zotli qoramoldan 50 bosh sogʻin sigir, 50 bosh nasldor gʻunajin, yana 100 bosh boʻgʻoz gʻunajin parvarishlanayotgan boʻlsa, ular kunlik ozuqasi uchun 1 tonnadan oshiq kunjara va boshqa yem-xashak sarflanmoqda, – deydi fermer Javlonbek Hamroyev. — Mahsuldorlikka kelsak, har kuni 1 tonnaga yaqin sut, har oyda oʻrtacha 7 tonna goʻsht mahsulotini topshirib, daromad topmoqdamiz. Yakunlangan yilda chorvachilikdan qoʻlga kiritgan moʻmay foydamiz 200 million soʻmdan oshiqroq boʻldi. Endilikda xoʻjaligimizda ishlayotgan oʻnga yaqin kishilik jamoa moddiy manfaatini oshirib, avvalo qoramol sonini koʻpaytirish, nasldor buzoq va gʻunajinlarni aholiga taroziga tortib sotish tartibida tarqatib, faoliyatimizni barqaror yuritishni maqsad qilganmiz.
Bugun viloyat hokimi Botir Zaripov mazkur xoʻjalik faoliyati bilan tanishdi. Chorvador fermer bilan xoʻjalikning istiqbollari xususida suhbatlashdi. Uni rivojlantirish yuzasidan taklif va tavsiyalarini berdi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati