Botir Zaripov “Masdar” kompaniyasi bosh operatsion direktori Abdulaziz Alobaidli bilan uchrashdi
2025-01-23 19:10:00 / Yangiliklar

2006-yilda tashkil etilgan BAA kompaniyasi amalga oshirgan investitsiya loyihalari portfeli qayta tiklanadigan manbalardan 4 000 MVtdan ortiq elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarini oʻz ichiga oladi. Hozirga qadar 40 dan ortiq mamlakatlarda 51 GVt quvvatga ega muhim loyihalarni amalga oshirgan.
Respublika hukumati, vazirlik va idoralar rahbarlaridan tarkib topgan delegatsiyaning 2023-yil 7-10-may kunlari Birlashgan Arab Amirliklari davlatining Abu Dabi shahriga xizmat safari chog‘ida “Masdar” kompaniyasining O‘zbekistondagi investisiya loyihalarini 10 milliard AQSH dollariga yetkazish bo‘yicha birlamchi kelishuvga erishilgan edi.
Nur Navoi – Masdar kompaniyasining O‘zbekistonda amalga oshirilgan birinchi loyihasi bo‘lib, 2021-yil avgust oyida ishga tushirilgan.
Shuningdek, kompaniya tomonidan Olot tumani markazidan 24 kilometr janubi-sharqda, Turkmaniston chegarasiga yaqin hududda joylashgan 700 gektar choʻl hududida quvvati 250 MVt boʻlgan “Nur-Buxoro” quyosh fotoelektr stansiyasi va 63 MVt quvvatli energiya sigʻimiga ega batareya ombori qurilmoqda. Umumiy qiymati 270 million AQSH dollariga teng mazkur loyihani 2025 yilning ikkinchi yarmi davrida foydalanishga tushirish ko‘zda tutilgan. Subyektning yillik ishlab chiqarish quvvati 638 million kVt/soatni tashkil qiladi.
Ahamiyatli jihati, mazkur loyiha ishga tushishi natijasida hududda elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun tabiiy gaz sarfi yiliga 270 million kubo metrga tejaladi. Bundan tashqari, 300 mingta xonadon qo‘shimcha elektr energiyasi bilan ta’minlanib, karbonat angidrid chiqindilari yiliga 250 ming tonnaga kamayadi.
Isteʼmolchilarning energiya taʼminoti barqarorligini oshirish, elektr ishlab chiqarish samaradorligiga erishish kabi maqsadlarni oʻzida mujassam etgan loyiha tuman ehtiyojining katta qismini qoplash imkonini beradi.
Loyiha bosh menejeri Filip Torresga koʻra, bu yerda “Nur-Buxoro” Solar quyosh fotoelektr stansiyalarini qurish loyihasining amalga oshirilishi, ushbu maydonda kelgusida zamonaviy panellar oʻrnatilishi, ularning katta qismi oʻzimizda ishlab chiqarilganligi, Olotdagi majmua “Oʻzbek-Solar-3” dasturining bir qismi boʻlib, bu mamlakatimizda raqobatbardosh narxlarda elektr yetkazib berishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli.
Bugun, 23-yanvar kuni viloyat hokimi Botir Zaripovning “Masdar” kompaniyasi bosh operatsion direktori Abdulaziz Alobaidli bilan muloqotida loyihani amalga oshirish jarayonlari, mavjud muammolar, ularni hal qilish masalalari keng muhokama qilindi. Shuningdek, kompaniya bilan amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan istiqbolli loyihalar yuzasidan fikr almashildi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati