Buxoro tumanida 6-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti ochildi
2025-01-20 12:20:00 / Yangiliklar

Jumladan, kuni kecha “Sohibkor” mahalla fuqarolar yigʻinidagi 6-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkilotining yangidan qurib bitkazilgan binosi foydalanishga topshirildi. Mazkur maktabgacha taʼlim tashkiloti oʻtgan asr saksoninchi yillarida qurilgan boʻlib, keyingi paytda taʼmirtalab ahvolda edi. Nihoyat, 2024-yil investitsiya dasturi mablagʻlari hisobidan “Ismoil qurilish fayz” masʼuliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan yangi 120 oʻringa moʻljallangan oʻquv binosi qurib foydalanishga topshirildi. Bu maqsadlar uchun davlat byudjetidan 3 milliard 500 million soʻm mablagʻ sarflandi.
Shu munosabat bilan muassasani foydalanishga topshirish tadbirida tuman hokimligi, jamoatchilik vakillari, mahalla faollari, ota-onalar hozir boʻldilar. Unda soʻz olganlar talab darajasida barpo etilgan maktabgacha taʼlim tashkiloti murgʻak yoshdagi bolalarning jismoniy, aqliy rivojlanishida keng imkoniyatlar yartishi, malakali mutaxassis tarbiyachilar esa barkamol avlodni erta savodli qilishda oʻzlarining munosib hissasani qoʻshishlariga ishonch bildirdilar.
— Bunda bolajonlarimiz uchun zamonaviy bogʻcha barpo etilishida ertamiz egalariga qaratilayotgan doimiy eʼtibor va gʻamxoʻrlikning amaldagi ifodasini koʻrish mumkin,—deydi mazkur davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti mudirasi Fotima Boʻriyeva.—Shu eʼtibor tufayli mahallamizda zamonaviy maktabgacha taʼlim muassasasi barpo etilgani koʻpdan kutilgan voqea boʻldi. Yangi muassasada bolalarni har tomonlama barkamol tarbiyalash, maktabga tayyorlash uchun barcha shart-sharoitl muhayyo qilingan.
Maʼlumot oʻrnida aytish joizki, ayni kunda Buxoro tumanida 125 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti faoliyat yuritmoqda. Shundan 33 tasi davlat, 2 tasi nodavlat, 17 tasi davlat xususiy sherikchiligidagi hamda 73 tasi oilaviy maktabgacha taʼlim tashkilotlaridir. Tumanda 3-7 yoshdagi bolalar soni 12 ming 986 nafarni tashkil etayotgan boʻlib, ayni kunda 9 ming nafardan ortiq bogʻcha yoshidagi jajji oʻgʻil-qiz maktabgacha taʼlim tashkilotlariga qamrab olinib, bunda qamrov darajasi 74 foizni tashkil etmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati