Shofirkon: qish-bahor mavsumida 55 gektar bogʻ va 65 gektar tokzor barpo qilinmoqda
2025-01-18 15:35:00 / Yangiliklar
Shofirkon tumani qishloq xoʻjaligi tarmogʻida sanoatlashgan bogʻdorchilik va uzumchilik yoʻlga qoʻyilib, zamonaviy texnologiyalar asosida yangi mevali bogʻlar hamda intensiv uzumzorlar barpo etilmoqda. Baʼzi tahlillarga nazar solsak, bugunga kelib tumanda 1012 gektar mevazor mavjud boʻlib, joriy yilda bu maydonni yanada kengaytirish choralari koʻrilmoqda.
Aniqrogʻi, joriy qish-bahor mavsumida hududda 133 gektar mevazor bogʻ yaratish ishlariga kirishilgan boʻlib, hozirda bu rejadan 55 gektari amalda oʻzlashtirilgan. Kuz mavsumida esa yana qoʻshimcha 162 gektar maydonni oʻzlashtirib, mevali bogʻ barpo etilishi koʻzda tutilgan.
Agrosanoat majmuining uzumchilik tarmogʻi chekka Shofirkonda muhim yoʻnalishlardan biri hisoblanadi. Hozirda tumandagi 166 ta fermer xoʻjaligida jami 1328 gektar uzumzor bogʻ mavjud boʻlib, eski va iqtisodiy samarasiz ekin maydonlari oʻrnida zamonaviy, intensiv usuldagi yangi uzumzor bogʻlar barpo etish ishlari davom ettirilmoqda.
Joriy yil hududda 171 gektar maydonda yangi uzumzorlar barpo etish maqsad qilingan boʻlsa, bahor faslida 77 gektarda amaliy ish boshlanib, hozirga qadar 65 gektar maydonda uzum tok koʻchatlari ekib parvarishi boshlangan. Kuz faslida esa yana 94 gektar maydonda tokzor-uzumzor barpo etish davom ettiriladi. Albatta, bu bilan uzum yetishtirish samaradorligini oshirish, yuqori hosildorlikka erishish va aholi dasturxonini sarxil mahsulotlar bilan taʼminlash imkoniyati yaratiladi.
Bogʻ-tokzorlarni kengaytirish, uzum yetishtirish salmogʻini oshirishda tumanda yetakchi va ilgʻor xoʻjaliklar qatorida “Davlat Zoyir” fermer xoʻjaligini qayd etish mumkin. Uning rahbari Zoyir Erdonov boshchiligida jami 5,6 gektar maydonda dehqonchilik qilib, yuqori samaradorlikka erishilmoqda. Jumladan, 1 gektar maydonda ertapishar oʻrik, yana 1 gektarda “Amerika” navli shaftoli parvarish qilinmoqda. Shuningdek, xoʻjalikning asosiy qismi 3,6 gektar maydon tokzordan iborat boʻlib, unda Samarqanddan keltirilgan “toyfi”, “gigant”, “xusayni” navli uzum koʻchatlari oʻtqazilib, yangidan uzumzor tashkil qilishga kirishilgan.
Xulosa qilib aytganda, tuman qishloq xoʻjaligidagi keng koʻlamli ishlar uzum va meva yetishtirish, aholi ehtiyojini qondirish, dasturxon toʻkinligini taʼminlash bilan birga, eksport imkonini oshirish, bozor uchun yuqori sifatli mahsulot yetishtirishga xizmat qiladi. Qolaversa, bu bogʻ va uzumzorlar yangi ish oʻrinlari yaratish va fermer xoʻjaliklarini rivojlantirish imkonini beradi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati