Xitoyning Shensi provinsiyasi vakillari bilan uchrashuv oʻtkazildi
2025-01-17 21:15:00 / Yangiliklar

Tashrif doirasida viloyat hokimi Botir Zaripov bilan uchrashuv oʻtkazildi.
Taʼkidlash lozimki, soʻnggi 8 yilda Buxoroda xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar soni 5 baravarga oshdi. Bugungi kunda viloyatimizda 430 dan ortiq xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxonalar faoliyat koʻrsatayotgan boʻlsa, viloyatimiz tadbirkorlari va Xitoy Xalq Respublikasi kompaniyalari hamkorligida turli sohalarda qoʻshma loyihalarni amalga oshirilishi natijasida hozirda 70 ta xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar faoliyat koʻrsatayotgan boʻlib, shundan 25 tasi Xitoy kapitalidagi xorijiy korxona hisoblanadi.
Jumladan, Buxoro viloyatida Xitoy davlati investitsiyalari ishtirokida “China Gezhouba”, “Polimer Luxe”, “Bahor Chance”, “Buxoro Labsa” kabi yirik qoʻshma korxonalar tashkil etilgan boʻlib, ushbu korxonalar viloyat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida muhim oʻrin tutadi.
Shu bilan birga, Xitoy Xalq Respublikasi Buxoro viloyati bilan tashqi savdo aylanmasida yuqori ulushga ega boʻlgan 5 ta davlatlardan biridir. 2024-yilda Xitoy Xalq Respublikasi oʻrtasidagi oʻzaro tashqi savdo aylanmasi 401,0 mln. dollarni tashkil etib, 2023-yilning mos davriga nisbatan 106 foizga oʻsgan (2023-yilda 378,0 mln. dollar). Shu jumladan, eksport hajmi 23,0 mln. dollar va import hajmi 378,0 mln. dollarga yetgan.
— Albatta, bu koʻrsatkichlar biz uchun kam. Kelgusida biz Xitoy Xalq Respublikasidan Buxoro viloyatiga tashrif buyuruvchi sayyohlar sonini hamda tashqi savdo aylanmasi va toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hajmini oshirilishiga ishonamiz,-dedi Botir Zaripov muloqotda.
Tadbirda ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikning joriy holati, oʻzaro hamkorlikni rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, tomonlar ikki hudud oʻrtasida investitsiyaviy, ijtimoiy-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash va aloqalarni chuqurlashtirish imkoniyatlarini koʻrib chiqdilar.
Shunga koʻra, Botir Zaripov Buxoro viloyati hokimligi Buxoro va Shensi provinsiyasi oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, turizm, ilmiy-texnikaviy, madaniy-gumanitar, shuningdek, taʼlim va sport sohalaridagi aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan barcha tashabbuslarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga tayyor ekanini bildirdi.
Oʻz navbatida Xitoy xalqaro savdoni rivojlantirishga koʻmaklashish qoʻmitasining Shensi boʻlimi raisining oʻrinbosari QUANG Jian samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, ikki tomonlama manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishdan Shensi provinsiyasi ham manfaatdor ekanini alohida taʼkidladi.
Shundan kelib chiqib, tomonlar sheriklikning dolzarb masalalari ustida ish olib borishni davom ettirishga kelishib oldilar.
Viloyat hokimligi matbuot xizmat