"Niholchilik" fermer xoʻjaligi qoʻshni viloyatlarga ham mevali va manzarali daraxt koʻchatlarini yetkazmoqda
2025-01-16 17:15:00 / Yangiliklar
Viloyatimizda koʻchatchilikni rivojlantirish, mahalliy navlar bilan birga xorijiy navlarni mahalliylashtirish, aholining koʻchat oʻtqazish, nihol parvarishlash koʻnikmasi va madaniyatini shakllantirish, qishloq xoʻjaligida sarxil meva, shuningdek, bogʻ-tokzorlarni yashnatib, mahsuldorlikni oshirish, daromad manbai ekani bilan birga aholi dasturxoni toʻkinligini taʼminlashga xizmat qilmoqda. Bu borada turdosh xoʻjaliklar qatorida Buxoro shahridagi "Gulchorbogʻ" mahallasida faoliyat yuritayotgan Buxoro ilmiy tajriba stansiyasiga qarashli "Niholchilik" fermer xoʻjaligining ham oʻz oʻrni va hissasi bor, albatta.
Mohir agronom Tohir Ibragimov rahbarligidagi mazkur xoʻjalik 2000-yildan buyon faoliyat koʻrsatib kelmoqda. Sohani rivojlantirish, bunda aholi bilan kooperatsiya munosabatlarini yoʻlga qoʻyish va ishlab chiqarish jarayonlariga ilmiy ishlanmalarni joriy etishda xoʻjalikda ham keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda. Baʼzi tahlillarga nazar solsak, hozirda xoʻjalik hisobida 163 gektar yer maydoni boʻlib, shu yerda har yili agrotexnik talablar asosida 2 million tup atrofidagi mevali va manzarali daraxt koʻchatlarini oʻstirish tajribasi puxta oʻzlashtirilgan. Mirishkor bogʻbonlar mehnati bois, oʻrtacha 3 yil muddatda bunda parvarishlangan koʻchatlar sotishga tayyor holga keladi. Urugʻ va qalamchalardan koʻpaytirilayotgan nihollarning xaridori ham yetarlicha, albatta.
— Bugunga kelib xoʻjaligimizda ish barqaror tashkil etilgani tufayli 30 nafarga yaqin ishchi-mutaxassisni doimiy ish bilan taʼminlaganmiz,—deydi xoʻjalik rahbari Tohir Ibragimov.—Ishchi bogʻbonlarimiz shu yerda mehnat qilib, har oyda oilalariga 3-4 million soʻmdan daromad olib kiryaptilar. Mevali va manzarali daraxt koʻchatlari bilan birga turli xil navdagi gul koʻchatlarini ham yetishtirishni yoʻlga qoʻyganmiz. Hozirda 1 million tup koʻchatimiz sotish uchun tayyorlab qoʻyilgan. Umuman, koʻchat savdosidan har yili oʻrtacha 200 million soʻmgacha sof foyda olib kelyapmiz.
Joriy mavsumda "Niholchilik" fermer xoʻjaligida asosan archa, sapura, katalpa, gujum, tut, oʻrik, olma, olcha xurmo, uzum, olxoʻri, nok va shaftoli singari mevali va manzarali daraxt koʻchatlari urugʻ va qalamchasidan ekib parvarishlanib, viloyatimiz boʻylab, qolaversa, qoʻshni Navoiy, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlariga ham buyurtma asosida yetkazib berish yoʻlga qoʻyilgan.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati