Buxoro shahrida YATT “Yahyoyev Shohrux Bobirjonovich” goʻshtni qayta ishlash sexi ochildi
2025-01-15 20:10:00 / Yangiliklar
Birgina Razzoq Hamroyev mahallasida amalga oshirilayotgan saʼy-harakatni olsak, oʻtgan 2024-yil boshida hududda 73 nafar ishsiz fuqaro roʻyxati shakllantirilib, yil davomida mahalla "yettiligi"dan iborat masʼullar koʻmagida ularning aksariyati bandligi taʼminlangan. Band boʻlgan fuqarolar asosan xizmat koʻrsatish, barqaror ishlayotgan yirik korxonalarga ishga joylashishi, oʻzini oʻzi band qilish yoʻnalishlariga toʻgʻri keladi. Aholi bandligini taʼminlash maqsadida oʻtgan yili hisobidan 3 ta yoʻnalishda 1 milliard 50 million soʻm miqdorida imtiyozli kredit mablagʻi ajratilgan.
Mazkur mahallada fuqarolar bandligiga koʻmaklashayotgan loyihalardan biri “Yahyoyev Shohrux Bobirjonovich” yakka tartibdagi tadbirkorlik subyektidir. Bunda tashabbuskor tomoni goʻsht va goʻsht mahsulotlari ishlab chiqarish va sotish bilan shugʻullanmoqda.
Umumiy qiymati 500 million soʻmni tashkil etgan bu loyihani tashabbuskor tadbirkor Shohrux Yahyoyev oʻz mablagʻi hisobidan 370 million soʻm hamda tijorat bankidan 130 million soʻm kredit sarmoyasini rasmiylashtirib olib yoʻlga qoʻygan. Ishga tushganiga koʻp boʻlmagan doʻkonda 9 nafar ishchi oʻrni yaratilgan boʻlib, sex quvvati 100 tonna goʻshtni qayta ishlashga moʻljallangan. Bundan byudjetga yillik tushum 60 million soʻmni tashkil qilmoqda.
Aytish joizki, bugunga kelib Razzoq Hamroyev mahallasida aksariyat koʻp qavatli uylarda 2 ming 120 ta xonadon, 2 ming 234 ta oila va ularda jami 6 ming 600 dan ortiq aholi vakili umrguzaronlik qilayotgan boʻlsa, kundalik oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojini qondirish, dasturxoni toʻkinligini taʼminlashda “Yahyoyev Shohrux Bobirjonovich” YATT ning ham oʻz hissasi qoʻshilmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati