Qorakoʻl: Rahimovlar issiqxonasida bir yonda bulgʻor qalampiri, bir yonda limon...
2025-01-15 20:10:00 / Yangiliklar
— Mahallamizdagi hokim yordamchisining koʻmagi bilan imtiyozli bank krediti asosida issiqxona tashkil qilib, roʻzgʻor kam-koʻstini bemalol qoplayapmiz. Dastlab tomorqadan koʻzlangan hosilni olish uchun “Kaliforniya chuvalchangi” orqali biogumus oʻgʻitini hosil qilib, ekin maydonlariga kiritdik,—deydi tomorqa sohibi Toʻlqin Rahimov.—Yer koʻchat ekishga tayyor boʻlgach, bulgʻor qalampirining “Vedrana” navli niholini oʻtqazdik. Bu nav mahalliy iqlimga, turli kasalliklarga chidamliligi bilan ajralib turadi.
Bulgʻor qalampirining bu navi hududda keng ommalashgan boʻlib, hosildorligi va ertapisharligi bilan dehqon xoʻjaliklariga ham qulay. Turli xil iqlim sharoitlariga moslanuvchanligi va 60-65 kunda pishib yetilishi, sarxilligi bilan ajralib turadi. Sabzavot har bir hosili 150-200 gramni tashkil etadi.
Mirishkor tomorqachining bildirishicha, yakunlangan yilda oila aʼzolari bilan birgalikda hovlisidagi 5 sotixdan iborat issiqxonasidan 2 tonnadan ortiq sabzavot mahsulotini yigʻib saranjomlagan. Xaridorlarga har kilogram hosilni 30-35 ming soʻm atrofida sotishga erishgan. Endilikda bulgʻor qalampiridan qariyb 700 kilogram hosilni yigʻib olish harakatida mehnat qilishmoqda.
Qishda ham tinim bilmay tomorqasini yashnatib, daromad olayotgan Rahimovlar oilasi keyingi yillarda ikkinchi issiqxonasida limon koʻchati parvarishiga jiddiy kirishgan. Bu borada ham izchil harakat allaqachon oʻz samarasini bermoqda. Aniqrogʻi, bunda 60 tup limon butasidan bir mavsumda 50 million soʻm atrofida sitrus meva olinib, qoʻshimcha daromad qilinmoqda. Koʻrinib turibdiki, bir mirishkor oila roʻzgʻori butligi, dasturxoni toʻkinligi halol-pokiza mehnat mahsulidan.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati