Viloyat hokimining oʻrinbosari Shofirkon tumanida sayyor qabul oʻtkazdi
2025-01-13 17:20:00 / Yangiliklar
Jamiyatimizda xotin-qizlar faolligini, ularning xalq xoʻjaligi turli tarmoqlarida bandligini oshirish, tadbirkorlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, qiyin sharoitda yashayotgan oilalar va ulardagi ayollar uchun daromad manbaini yaratish, shuningdek, dehqon-fermer xoʻjaliklari jamoalari safini kengaytirish, yakka tartibda mehnat qilayotgan ayollarga yaqindan koʻmaklashish, ular tashvish-muammolarini hal qilishga eʼtibor kuchaytirilmoqda.
Viloyat hokimining oʻrinbosari, oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshligʻi Hafiza Artikova viloyat Xalq qabulxonasi mutasaddilari hamrohligida Shofirkon tumanida navbatdagi sayyor qabulini oʻtkazib, xotin-qizlar tashvish-muammolariga quloq tutdi. Tegishli tashkilot va idoralar, muassasa rahbarlari, mahalla masʼullari qatnashgan qabulda tumanning turli hududlari, mahalla va qishloqlaridan hozir boʻlgan fuqarolar oʻz murojaatlarini bildirdilar.
—Men Halimova Dilfuza, Mirzoqul mahallasida yashayman va tikuvchilik bilan shugʻullanaman. Sayyor qabulda tikuvchilik faoliyatimni rivojlantirish uchun yordam soʻrab murojaat qilgandim. Natijada menga zamonaviy rusumli tikuv mashinasi ajratilib, endilikda mahalla binosidan boʻsh turgan xonasidan foydalanish imkoniyati berildi. Endilikda faoliyatimni kengaytirib, boshqa ayollarni ham ish bilan taʼminlashni maqsad qilganman.
Shu kuni sayyor qabulda ishtirok etgan yigirmaga yaqin ayolning tashvish-muammosiga yechim izlandi. Jumladan, fuqarolarning sanatoriyaga borishi uchun yoʻllanma olish tartibi, oziq-ovqat mahsulotlari taʼminoti, bola puli olish, nogironligi boʻlgan xonadonlar ijtimoiy muhofazasini kuchaytirish, davolanish uchun moddiy madad olish, uy-joy bilan taʼminlash yoki boshpanasi taʼmiriga doir murojaatlar, imtiyozli kredit va subsidiya ajratish, kompensatsiya toʻlashga daxldor shikoyatlar, "Ayollar daftari"ga kirish tartibi kabi masalalarda murojaatlar tinglandi.
Viloyat hokimining oʻrinbosari Hafiza Artikova hamda viloyat Xalq qabulxonasi mutasaddilari ishtirokidagi sayyor qabulda Buxoro viloyat ichki ishlar boshqarmasi xotin-qizlar boʻlimi boshligʻi Xolida Toirova, tuman IIB jamoat xavfsizligi xizmati huquqbuzarliklar profilaktikasi nspektori Guli Ochilova, psixolog Zamira Ashurova, qolaversa, “Oqila ayollar” va “Buvijonlar maktabi” masʼullari ishtirokida muhim tashabbus amalga oshirildi. Oila va jamiyat tinchligini saqlash, ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalarga huquqiy va psixologik yordam koʻrsatish maqsadida notinch va ajrim yoqasidagi oilalar vakillari bilan suhbat tashkil etildi.
Bu tadbirda doimiy nizolar, oʻzaro tushunmovchiliklar va oilaviy mojarolar sabab ajralish yoqasiga kelib qolgan 5 ta oila aʼzolar bilan yuzma-yuz muloqot qilindi. Har bir oilaning muammosi chuqur oʻrganilib, zarur tavsiyalar ishlab chiqildi. Oila va nikoh munosabatlarida sabab va oqibat, jabrdiyda tomonlar, ularda norasida bolalar qismati, ularga yetkaziladigan ruhiy zarba, iqtisodiy va ijtimoiy qiyinchiliklar muhokama qilinib, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, ota-onalik masʼuliyati va mehr-muhabbatning muhimligi uqtirildi.
Eʼtiborlisi, bu saʼy-harakat natijasida 3 ta oila yarashtirilib, munosabatlarini tiklashga qaror qilishdi. Oila aʼzolari oʻzaro tushunmovchilik va kelishmovchiliklarni bartaraf etish yoʻlida yangi qadam tashlashga tayyorliklarini bildirdilar. Albatta, bu qadam jamiyatimizda oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, ajralishlarning oldini olish, oʻgʻil-qizlarning baxtli muhitda voyaga yetishiga xizmat qiladi.
Shu kuni chekka tumanda oʻtkazilgan sayyor qabul davomida tibbiyot birlashmasining malakali shifokorlari boshchiligida tibbiy koʻrik ham tashkil etildi va unga tor doiradagi mutaxassis shifokorlar jalb qilindilar. Koʻrik davomida yurak-qon tomir kasalliklari, qon bosimi, endokrin tizimi muammolari kabi yoʻnalishlar boʻyicha tekshiruvlar oʻtkazilib, bemorlarga zarur tavsiyalar berildi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati