Viloyat hokimining oʻrinbosari “Taraqqiyot” mahallasida sayyor qabul oʻtkazdi
2025-01-03 15:30:00 / Yangiliklar
Jamiyatimizda xotin-qizlar faolligini, ularning xalq xoʻjaligi turli tarmoqlarida bandligini oshirish, tadbirkorlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, qiyin sharoitda yashayotgan oilalar va ulardagi ayollar uchun daromad manbaini yaratish, shuningdek, dehqon-fermer xoʻjaliklari jamoalari safini kengaytirish, yakka tartibda mehnat qilayotgan ayollarga yaqindan koʻmaklashish, ular tashvish-muammolarini hal qilishga eʼtibor kuchaytirilmoqda.
Viloyat hokimining oʻrinbosari—Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshligʻi Hafiza Artikovaning Kogon tumanidagi “Taraqqiyot” mahalla markazida oʻtkazgan sayyor qabuli ham shu maqsadga xizmat qiladi.
Sayyor qabulda tumanda yashovchi xotin-qizlardan biri guruhi oʻz murojaatlari bilan viloyat hokimining oʻrinbosariga yuzlandilar. Yakuniga yetgan yilda hokimlik amaliy madadini olgan ayrim ayollar esa minnatdorliklarini izhor etdilar. Masalan, Oʻrtachoʻl mahallasida yashovchi Saida Boʻronova oʻzi tahsil olayotgan oliy taʼlim dargohi uchun kontrakt toʻlovini amalga oshirishda qiyinchilikka duch kelib, hokimlikka murojaat qilgandi. Ayni paytda institutning 3-boqich talabasi Saidaga kontrakt toʻlovi "Ayollar daftari" jamgʻarmasi hisobidan toʻlab berilgani maqsadga muvofiq, albatta.
Oʻbachoʻli mahallasida yashovchi Jamila Xudoyberdiyeva koʻp yildirki, pillachilik bilan shugʻullanib, oilasiga qoʻshimcha daromad keltirmoqda. Xonadon bekasi sayyor qabulga kelib, pillachilik faoliyati va inkubatoriya uchun bino kerakligini bildirdi. Unga mahalladagi boʻsh turgan binodan foydalanishi uchun ruxsat beriladigan boʻldi.
Oilasi bilan Kogon tumani “Geofiziklar qoʻrgʻoni”ga koʻchib borgan Nargiza Jalilova esa avval yashagan Gʻijduvon tumanidagi uy-joyini kadastr qilishda amaliy yordam soʻrab murojaat etdi. Sarayon mahallasida yashovchi Nazira Teshayeva hamda boshqa baʼzi ayollar oldingi qabulda qilgan murojaatlari javobsiz qolmagani, ularga uyda ishlab daromad topishlari uchun tikuv mashinasi kabi mehnat qurollari berilganidan minnatdorliklarini izhor qildilar.
Sayyor qabul soʻngida H. Artikova mahalla xotin-qizlar faollari bilan yangi yilda hududda amalga oshirilishi zarur boʻlgan chora-tadbirlar xususida kengashib, masʼullarga kerakli topshiriq va tavsiyalarini berdi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati