Yangi yil munosabati bilan “Afsona”da mehr-muruvvat tadbiri boʻlib oʻtdi
2024-12-25 17:50:00 / Yangiliklar
Botiniy tafakkur, jismoniy kuch-qudrat, aql va salohiyatni xayrli yoʻlda sarflab, diyorimizning gullab-yashnashi, yanada taraqqiy topishi uchun sidqidil hissa qoʻshayotgan yengilmas iroda sohiblarining jasorat va matonati barchamiz uchun hamisha ibrat mayogʻidir. Taqdirning har qanday zarbalariga munosib javob berib, kuch va irodasiga tayanib, faqat yaxshilik yoʻlida olgʻa intiladiganlarga madad, dalda boʻlish, ularning yonida turish, hayotini mazmunli qilishga, umrini uzaytirishga qoʻlimizdan kelganicha hissa qoʻshish, ularga nafaqat bayramlarda, balki har kuni, har soatda gʻamxoʻrlik va mehribonlik koʻrsatish barchamiz uchun ham qarz, ham farzdir.
Binobarin, mamlakatimiz Bosh qomusi – Konstitutsiyamizning 13-moddasida jumladan: “...inson, uning hayoti, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmati, boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi” deya belgilangani ham bejiz emas.
Baʼzi tahliliy maʼlumotlarga nazar solsak, ayni kunda 2 million nafar aholisiga ega Buxoro viloyatida 44 ming 300 nafarga yaqin nogironligi boʻlgan fuqaro istiqomat qilishmoqda. Shundan 4 ming nafardan oshigʻi birinchi guruhga mansub boʻlib, nogironlikka daxldor intensiv koʻrsatkichi 2018-yildagi har 10 ming aholiga nisbatan 342 nafardan bugunga kelib 250 nafarga tushirilgan.
Shuningdek, soʻnggi bir yilda 18 yoshgacha boʻlgan jami 4 ming 355 nafar nogiron bola sogʻlomlashtirilib, shundan 19 nafari toʻliq nogironlikdan chiqartirilgan boʻlsa, xuddi shunday, 8 ming 900 ga yaqin nogironligi boʻlgan fuqaro sogʻlomlashtirilib, shundan, 269 nafari qisman reabiltatsiya qilingan va 269 nafari toʻliq nogironlikdan chiqarilgan. Eʼtiborlisi, joriy yilning oʻtgan davrida kattalar uchun 300 tadan ortiq, bolalar uchun 70 taga yaqin nogironlik aravachasi, yana jami 400 tadan ortiq qoʻltiq tayoq, eshitish moslamasi va boshqa shu kabi uskunalar oʻz egalariga yetkazilgan.
Yangi yil shodiyonasi oldidan Buxoroda ham qator xayrli tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, viloyat markazidagi “Afsona” toʻyxonasida bayram tadbiri tashkil etildi.
nsonparvarlikning yorqin namunasi sifatida mazkur tantanalar saroyida nogironligi boʻlgan, jismoniy imkoniyati cheklanganiga qaramasdan, ijtimoiy hayotda faolligi va jonkuyarligi bilan oʻz oʻrnini topgan, hatto tadbirkorlik tashabbuslarini roʻyobga chiqarib, nafaqat oʻzi, boshqalarni ham ishli va daromadli qilayotgan yurtdoshlarimiz, oddiy va kamtarona faoliyati bilan boshqalarga namuna boʻlayotgan viloyatdoshlarimiz, shuningdek, mehnat faxriylari va sobiq baynalminal jangchilarni koʻrish mumkin edi.
nsonparvarlikning yorqin namunasi sifatida mazkur tantanalar saroyida nogironligi boʻlgan, jismoniy imkoniyati cheklanganiga qaramasdan, ijtimoiy hayotda faolligi va jonkuyarligi bilan oʻz oʻrnini topgan, hatto tadbirkorlik tashabbuslarini roʻyobga chiqarib, nafaqat oʻzi, boshqalarni ham ishli va daromadli qilayotgan yurtdoshlarimiz, oddiy va kamtarona faoliyati bilan boshqalarga namuna boʻlayotgan viloyatdoshlarimiz, shuningdek, mehnat faxriylari va sobiq baynalminal jangchilarni koʻrish mumkin edi.
Tadbirda soʻz olgan viloyat hokimining oʻrinbosari E. Majidov, “Nuroniy” jamgʻarmasi viloyat boʻlimi raisi S. Husenov va boshqalar soʻnggi yillarda Prezidentimiz tashabbusi va rahnamoligida Yangi Oʻzbekistonda olib borilayotgan saʼy-harakat zamirida avvalo inson qadrini ulugʻlashdek ezgu tamoyil yotganini alohida taʼkidladilar.
Bayram davrasida barcha ishtirokchilarga Yangi yil sovgʻalari ulashildi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati