Botir Zaripov yangi tadbirkorlik loyihalari bilan tanishdi
2024-12-24 20:40:00 / Yangiliklar
Shuningdek, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida Buxoro viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida hududda odamlarni ishli va daromadli qiladigan katta imkoniyat – sanoat zonalari ekani alohida taʼkidlangan edi.
Viloyat hokimi Botir Zaripov joylarda tadbirkorlik subyektlari tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, infratuzilma inshootlaridan maqsadli foydalanish, qolaversa, atrof-muhit tozaligi va obodonlashtirilishi bilan bogʻliq nazorat tartibidagi navbatdagi oʻrganishlarini Gʻijduvon tumanida, qoʻshni Navoiy viloyatiga chegaradosh “Sarmijon” muntazam yoʻl-patrul maskani hududidan boshladi.
Hududda “M-37” avtomagistrali boʻylab faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar eʼtibordan chetda qolmadi. Biznes vakillariga tegishli savdo va xizmat koʻrsatish shaxobchalari faoliyatiga eʼtibor qaratilib, mavjud imkoniyatlarni kengaytirishga doir takliflar oʻrtaga tashlandi. Shuningdek, “Sarmijon” yoʻl-patrul maskani yaqinidagi jumladan, Zarafshon daryosi sohilida aholiga savdo va maishiy xizmat koʻrsatish infratuzilmasini yaratish, aholining koʻngilli hordiq olishi uchun zarur shart-sharoit yaratishga daxldor loyihalar muhokama qilindi.
Shuningdek, viloyat hokimi Botir Zaripovning Jondor tumanidagi manzilli oʻrganishlari "Zarafshon" MFY dan oʻtgan shu nomdagi daryo boʻyida qurilishi borayotgan zamonaviy saylgohni koʻzdan kechirish bilan davom etdi. Bunda “Sohil boʻyi” savdo-servis inshootlari, kafe hamda umumiy ovqatlanish shaxobchalari, oʻyingoh va boshqa koʻngilochaar shaxobchalar loyihalari muhokama qilindi.
Xuddi shunday, aholining uy-joyga boʻlgan talabini qondirish, urbanizatsiya jarayonini rivojlantirish maqsadida “Zarafshon” daryosi boʻyiga yaqin hududda, 31 gektar yer maydonida qurilishi rejalashtirilgan “Ekomassiv” loyihasi masʼullar ishtirokida koʻzdan kechirildi.
Ayni kunda tumanning “Oxshix” MFYda asosan mebel mahsulotlari yasab tayyorlagshga moʻljallangan kichik sanoat zonasi mahalliy tadbirkorlar bilan gavjumlashmoqda. Mahallada bugunga kelib, 684 ta xonadon, 942 ta oila va ularda jami 4 mingga yaqin aholi istiqomat qilayotgan boʻlib, bunda faol mehnat jabhasida band boʻlganlar soni qariyb 1,5 ming nafarni tashkil etmoqda. Shundan ayni kunda hududdagi oʻnga yaqin yirik mebel yasash sexida jami 200 nafarga yaqin mahalliy yoshning bandligi taʼminlanmoqda. Bu esa chekka hududda iqtisodiy rivojlanish ortidan oʻnlab oila moddiy manfaatdorligi oshayotgani dalolatidir.
Hududda “Erkin bobo mebel mahsuloti”, “Abdul Boqi Rahmon”, “Eʼzoz mebellari” kabi xususiy korxonalar MCHJ shaklida faoliyat yuritib, oʻnlab oilaning moddiy manfaatdor boʻlishiga imkoniyat yaratmoqda. Bunda mebel ishlab chiqarish loyihalarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida 1,8 gektar yer maydonida tashkil etilgan “Oxshix” kichik sanoat zonasinining loyiha qiymati 14 milliard soʻmga moliyalashtirilgan. Shu kunga qadar mebelsozlik ustaxonalari hovlilarda, alohida tarqoq koʻrinishda ish yuritgan boʻlsa, endi oʻttizga yaqin duradgorlik sexi, mebelsozlik shaxobchalari imkoniyati kengaytirilib, kichik sanoat zonasida, yaxlit faoliyat boshlamoqda.
Jondor tumani “Qovchun” MFYda maktab o‘quv qurollari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Karavan konselyariya” MCHJ o‘z faoliyatini boshlashi kutilmoqda. Tashabbuskor tadbirkor Behruz Ochilov talab yuqori bo‘lgan o‘quv qurollari bilan viloyat va poytaxt bozorini ta’minlashga, bunda asosan 5 turdagi o‘quv vositasi, jumladan, shaxmat-shashka doskalari, sharikli ruchka ishlab chiqarishga ahd qilgan.
Loyiha umumiy qiymati 1 millard 500 million so‘mga moliyalashtirilgan bo‘lib, shundan 600 million so‘m sarmoya mahalliy tadbirkorning o‘z mablag‘i. Buning uchun unga kichik sanoat zonasidan 0,24 sotixdan iborat yer maydoni taklif qilingan. Hozirda zarur texnologik vositalar Xitoy davlatidan xarid qilingan bo‘lib, yiliga 80 ming dona mahsulot tayyorlash rejalashtirilgan. Hademay, bu sexda 10 nafargacha yoshni ish bilan ta’minlashi imkoniyati yaratiladi.
Shu kuni Kogon shahri va tumanida roʻyobga chiqarilayotgan tadbirkorlik tashabbuslari ham viloyat hokimi eʼtiborida boʻldi. Masalan, “Tutkunda” MFY da peshqadam tadbirkorlik subyektlaridan biri “Kogon mars plyus” MCHJ 12 sotixdan iborat maydonda togʻ-kon sanoati yoʻnalishidagi texnologiyalar uchun murakkab uskuna va ehtiyot qismlar ishlab chiqarishini yoʻlga qoʻygan. Tadbirkorlik subyekti tender savdosida 50 milliard soʻmga teng loyihalarni yutib olib, hozirda 60 nafar ishchi-mutaxassis bandligini taʼminlamoqda. Ayni kunda oʻz imkoniyatlarini kengaytirayotgan MCHJ sexini sanoat zonasiga koʻchirishga, quyuv sexi faoliyatini tashkillashtirish, standartizatsiya va laboratoriya ishlariga yaqindan koʻmaklashilmoqda.
Aytish joizki, ayni kunda “Oʻrta shaharlar” infratuzilmasini rivojlantirish loyihasi doirasida temiryoʻlchilar shahrida ham qator qurilish-taʼmirlash ishlari loyihalashtirilgan. Jumladan, kanalizatsiya - suvoqava tarmogʻini yangilash tufayli hududdagi 7 ta mahallada xonadonlar, koʻp qavatli turar joy va ijtimoiy soha inshootlari, umumiy hisobda 15 mingdan ortiq aholini suvoqava tarmogʻi bilan taʼminlash imkoniyati yaratiladi. Bu borada hozirda umumiy loyihaning qariyb 30 foiziga teng ish bajarilgan.
Shu bilan birga, viloyat rahbari Kogon shahri “Buxoroi sharif” MFY da qayta restavratsiya qilinishi belgilangan inshootlarda boʻlib, ularda rejalashtirilgan chora-tadbirlar bilan yaqindan tanishdi.
Xulosa qilib aytganda, Gʻijduvon, Jondor tumanlarida, Kogon shahridagi loyihalar bilan tanishish asnosida viloyat hokimi masʼullar, tashabbuskor tadbirkorlarga istiqbolli loyihalar amaliyotini tezlashtirish, jarayonda duch kelinayotgan tashvish-muammolarni birgalikda hal qilishga doir zarur tavsiya va topshiriqlarini berdi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati