Qozogʻistonlik hamkasblar Vobkent tumanidagi 2-son politexnikumida boʻlishdi
2024-12-21 16:15:00 / Yangiliklar
Bunda kasbiy taʼlimni rivojlantirishning zamonaviy yondashuvlari: Oʻzbekiston tajribasi, qolaversa, politexnikumdagi shart-sharoit va imkoniyatlar, talab darajasida jihozlangan, gavjum oʻquv xonalari, amaliyot jarayoni mehmonlarni befarq qoldirmadi.
Oʻzaro manfaatli bu hamkorlik "Oʻzbekiston kasb-hunar taʼlimi tizimini isloh qilish va modernizatsiya jarayonlarini qoʻllab-quvvatlash" nomli mintaqaviy loyiha doirasida mehnat bozori ehtiyojlariga koʻra kasbiy taʼlim va kadrlar tayyorlash jarayonini muvofiqlashtirish, xalqaro standartlarga javob beradigan va Markaziy Osiyo mintaqasiga mos keladigan ikki tomonlama kasb-hunar taʼlimi va kadrlar tayyorlash milliy tizimini joriy etish, shuningdek, qishloq joylarida yengil sanoat va toʻqimachilik sohasida kasbiy taʼlimni, sanoatni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
Qozogʻistonlik mehmonlar oʻquv amaliy mashgʻulotlar jarayoni bilan birga, taʼlim muassasasida tashkil etilgan “Royal Garments” MCHJ ning tikuvchilik tarmogʻi bilan ham yaqindan tanishib, oʻz tavsiyalarini berdilar.
Eʼtirof etilganidek, professional taʼlim tizimida xorij tajribasidan foydalanish juda muhim. Bu jarayonda xalqaro tajriba, jumladan, Qozogʻistonning taʼlim tizimida ixtisoslashgan sohaviy xizmatlari bilan faol hamkorligi yoʻlga qoʻyilayotgani ayni maqsadga muvofiqdir. Kasb-hunar maktablarida nazariy va amaliy bilimlarni oʻzaro uygʻunlashtirish, amaliyotga yoʻnaltirilgan dual taʼlim tizimini joriy etish hamda zamonaviy texnologiyalardan foydalanishni oʻrgatish orqali oʻrta boʻgʻinda raqabotbardosh mutaxassislar tayyorlash bunda asosiy maqsadga aylanmoqda.
Shuningdek, mehmonlar politexnikum jamoasi, oʻqituvchilar va ular shogirdlari bilan suhbatlashib, taʼlim jarayonini tashkil etishning oʻziga xos xususiyatlari, oʻquv dasturlari, taʼlim baʼzasi, infratuzilma va qoʻllanilayotgan onlayn va oflayn oʻqitish shakllari afzalliklari, taʼlim jarayonini boshqarish va tarmoqqa zamonaviy texnologiyalarni joriy etishning dolzarb amaliy va nazariy jihatlarini dual taʼlim amaliyotida qoʻllash boʻyicha oʻzaro tajriba almashdilar.
Uchrashuv yakunida ikki tomon oʻrtasida kelgusi hamkorlik va istiqbolli rejalar kelishib olindi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati