Xitoyning “OOO XINJIANG LIHUA GROUP” kompaniyasi vakillari Shofirkon tumanida
2024-12-20 11:50:00 / Yangiliklar
Jumladan, tumanda paxta yetishtirish va qayta ishlashni chuqurlashtirish boʻyicha yirik loyiha amalga oshirilishi kutilmoqda. Bu ish Xitoy Xalq Respublikasida faoliyat yurituvchi “OOO XINJIANG LIHUA GROUP” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilishi koʻzda tutilgan.
Kuni kecha mazkur kompaniya vakillari viloyatimizda, jumladan, Shofirkon tumanida boʻlib, uning hokimi Alisher Fayzilloyev bilan uchrashib, muzokaraga kirishdilar. Muloqotda asosan, mahalliy iqlim sharoitiga mos paxta hosilini yetishtirish va qayta ishlashning murakkabliklari, bu jarayonda taklif qilinayotgan ish uslubi, agrotexnik tadbir va texnologiyalar muhokama qilindi.
Aytish joizki, Xitoyning “OOO XINJIANG LIHUA GROUP” kompaniyasi 2004-yilda tashkil etilgan boʻlib, qishloq xoʻjaligini sanoatlashtirish boʻyicha yirik korxonalardan, xorijda paxta yetishtirish va qayta ishlashda yetakchi oʻrinlardan birini egallagan. Bu kompaniya endilikda paxta sanoatining toʻliq “zanjiri”ni qamrab oluvchi yirik klaster sanaladi. Kompaniya 2021-yilda Xitoyning eng yaxshi 100 ta qishloq xoʻjaligi korxonasi orasida 75-oʻrinni egallagan.
Mazkur loyiha doirasida chekka tumanda 6000 gektardan 8000 gektargacha yer oʻzlashtiriladi va bu choʻl massivida paxta yetishtiriladi. Loyiha umumiy qiymati 150 million AQSH dollariga baholangan boʻlib, xorijiy kredit liniyasi orqali moliyalashtiriladi.
Loyihaning birinchi bosqichida 6000 gektar yer oʻzlashtirilishi rejalashtirilgan. Keyingi bosqichlarda esa 8000 gektar va yana qoʻshimcha 6000 gektar yer maydonlari obod qilinib, ishga tushiriladi. Shuningdek, tomchilatib sugʻorish texnologiyasi joriy etilishi bilan suv va oʻgʻitlarni tejash, hosildorlikni oshirish hamda yer unumdorligini oshirish koʻzda tutilmoqda. Ushbu texnologiyani amalga oshirish uchun taxminan 4-5 million AQSH dollariga teng boʻlgan zamonaviy uskunalar va texnikalar import qilinadi. Xususan, 5 ta katta va 10 ta kichik kombayn, shuningdek, 75 ta turli xil traktorlarning olib kelinishi koʻzda tutiilmoqda.
Muhimi, loyiha amalga oshirilgach, tuman agrar kompleksida 1750 ta yangi ish oʻrni yaratiladi. Bu esa nafaqat iqtisodiy oʻsishga, balki aholi bandligini oshirishga xizmat qiladi. Istiqbolli loyiha 2026-yilning uchinchi choragida toʻliq ishga tushirilishi kutilmoqda. Qolaversa, bu loyiha tuman iqtisodiyotini mustahkamlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatli.
Xitoylik investorlar bilan olib borilgan muzokaralar yakuniga koʻra, loyiha amalga oshiriladigan yer maydonlari ajratilishi va qonunchilik asosidagi faoliyatga doir kelishuvga erishildi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati