Qorovulbozor: Egamberdiyevlar oilasi issiqxonasida sitrus meva yetishtirilmoqda
2024-12-19 19:00:00 / Yangiliklar
Tumanning maʼmuriy 1-sektoriga qarashli bu mahallada ayni kunda aholining asosiy qismi dehqonchilik va chorvachilik bilan shugʻullanib, tirikchiligini oʻtkazmoqda. Murakkab iqlimi va tuproq sharoitiga qaramasdan, navbahorliklar orasida tomorqa yeridan samarali foydalanib, avvalo oilasi, roʻzgʻori ehtiyojini qondirayotganlar safi kengaymoqda.
Hozirda mavjud 710 ta xonadonning har birida 2 sotixdan 15 sotixgacha tomorqa yeri boʻlsa, ana shu ekin yerning har qarichidan samarali foydalanish tajribasi oshmoqda. Masalan, Maʼrifat koʻchasida istiqomat qilayotgan Mahliyo Beshimova, Guliston koʻchasida yashovchi Fayzullo Sayfullayev va boshqalar tomorqachilik madaniyatiga koʻplar havas qiladi. Ularning 6-9 sotixli tomorqa yerlarida har yili peshma-pesh sabzavot-poliz mahsulotlari yetishtirilayotgani barobarida, issiqxonalarida 50 tupdan 80 tupgacha sitrus meva butalari ham parvarishlanayotgani yuqoridagi fikrimiz dalili.
Shunday mirishkor xonadonlardan biri Navbahor mahallasida koʻp yildirki, dehqonchilik qilib, moʻmay daromad orttirayotgan Egamberdiyevlar oilasidir. Bu manzilda oila sohiblari Anvar Egamberdiyev hamda umr yoʻldoshi Hafiza Egamberdiyevalar hovli etagidagi ekin yerining qariyb 1,5 sotix maydonida issiqxona barpo etib, moʻl hosil yetishtirib keladi. Aniqrogʻi, moʻjaz issiqxona qishin-yozin yashnab turganini koʻrish mumkin. Avvalo, bunda kartoshka, pomidor, bodring ekib yetishtirilib, roʻzgʻor kam-koʻsti qoplangani barobarida keyingi yillarda limon butasi oʻtqazib, parvarishga kirishilgan. Bugunga kelib esa issiqxonada mashaqqat bilan parvarishlanayotgan 20 tup limon, 3 tup mandarin hamda 2 tup apelsin koʻchatlari alaqachon hosilga kirgan.
— Oʻzim neft-gaz, burgʻulash sohasida ishlayman. Issiqxona mehnatini asosan umr yoʻldoshim va farzandlarim zimmalariga olishgan, – deydi oila sohibi Anvar Egamberdiyev. — Men ham boʻsh paytimda albatta, ekin yerida ishlab, ularga yordamlashaman. Shu kunlarda yetilib pishayotgan sitrus mevadan 1 tonnaga yetkazib hosil olish harakatidamiz. Bu hosilni bozor rastalariga chiqarib, moddiy manfaatdorligimizni oshiryapmiz. Asosiysi, har bir qarich ekin yeri bizda hisob-kitoblik. Buta koʻchatlari orasida esa kechki kartoshka ekib yetishtirish bilan birga, bir tomonida “toʻqsonbosti” usulida ismaloq va turli koʻkatlar yetishtirib, yaxshigina foydaga ega boʻlmoqdamiz.
Mehnat muhtojlikdan qutqargani kabi tomorqa ishi ham avvalo odamlar turmush darajasi yaxshilanishiga, madadga muhtoj nochor oilalarni qiyin vaziyatdan chiqarishga va daromadli qilishga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatli.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati