Vobkent: “Open budjet” asosida mahalla va qishloq yoʻllari chiroy ochmoqda
2024-12-19 11:10:00 / Yangiliklar
Shu yilning birinchi yarmi davrida hududda umumiy qiymati 76 milliard soʻmlikka teng boʻlgan jami 68 ta loyiha roʻyobga chiqarilib, yangilangan obyekt sifatida taʼmirdan chiqarilgan yoʻl foydalanishga qabul qilingan. Bu toʻgʻridagi dalolatnomalar respublika “Open budjet” portaliga yuklangan. Bundan koʻrinadiki, oʻnlab qishloq xonadonlari va ularda yashayotgan aholi vakillari duch kelishayotgan tashvish-muammo, yaʼni yoʻl, elektr energiyasi, gaz, ichimlik suvi kabi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari taʼminotiga daxldor nuqson va kamchiliklar bartaraf qilingan.
Bugunga kelib esa qator qishloqlarida ichki yoʻllar bevosita masʼul—tuman yoʻllardan foydalanish davlat muassasasi hamda obodonlashtirish boshqarmasi ishchi-mutaxassislari tomonidan shagʻallashtirilmoqda. Buni soʻnggi ikki oyda hududdagi Kosari, Oʻzbakon, Sariosiyo, Charmgaron, Rozmoz, Qoʻngʻirot, Qoʻqin, Xalach, Beshrabot kabi mahalla va qishloqlarda yoʻl qismlarida olib borilgan shagʻallashtirish va asfaltlashtirish ishlari bilan ham izohlash mumkin.
Umuman, tuman yoʻlsozlar jamoasi tomonidan bugunga kelib hududdagi 178 kilometrdan oshiq yoʻl qismiga xizmat koʻrsatilayotgan boʻlib, shundan 32 kilometr yoʻl qismi respublika ahamiyatidagi, 147 kilometri esa mahalliy ahamiyatidagi yoʻl hisoblanadi.
Yilning ikkinchi yarmida bajarilgan ishlardan, Qoʻngʻirot qishlogʻida 2 kilometrga choʻzilgan ichki yoʻl asfaltlashtirilgan boʻlsa, tumanning maʼmuriy birinchi sektoriga qarashli chekka Rozmoz qishlogʻi koʻchasining qariyb 800 metr qismi, shuningdek, “Changaron” MFY da taʼmirtalab yoʻlning 500 metr qismi yoʻlsozlar tomonidan asfaltlashtirib berilgan.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati