Qorakoʻl: hududda 9 ming gektardan ortiq yer maydoni chuqur shudgor qilinib, “shoʻri yuvilmoqda”
2024-12-18 16:35:00 / Yangiliklar
Tahlillardan koʻrinishicha, joriy kech kuzgi va qishki mavsumda hududda 9 ming 132 gektar maydonda shudgorlash ishlarini talab darajasida oʻtkazish koʻzda tutilgan va bugunga kelib bu dolzarb ishning qariyb 8 ming gektarida amaliyot muvaffaqiyatli uddalandi. Buning uchun hozirda fermer xoʻjaliklari dalalarida 13 ta otryad tashkil etilgan boʻlib, yuqori unumdor 43 ta haydov traktori va mexanizatorlarining joylarda tizimli ish tashkillashtirishi uchun barcha shart-sharoit yaratilgan.
Mavjud transport vositalari, texnika va mexenizm, omochlar yangilangan. Bir mavsumga yetarli talab etilgan ehtiyot qismlar, oʻgʻit va yoqilgʻi taʼminoti uzluksizligi taʼminlanmoqda. Qishki muhim agrotexnik jarayonda dala mehnatkashlari, mexanizatorlar munosib ragʻbatlantirilmoqda.
Joriy 2024-yilgi dehqonchilik mavsumida erta bahordan tumandagi 240 ta fermer xoʻjaligi tomonidan jami 9 ming 100 gektar gʻoʻza maydonida serhosil navlarga mansub chigit ekib, barakali hosil yetishtirilgan. Sohada qoʻllanilayotgan innovatsion texnologiyalar asosida yalpi maydonning 3,5 ming gektarida chigit plyonka ostida ekilib, agrotexnik talablar asosida paxta yetishtirilgan. Tomchilatib sugʻorish texnologiyalari tadbiq qilinayotgani bois suv sarfi kamayib, yerning unumdorligi oshirilayotgani xoʻjaliklar moddiy manfaatdorligini ham oshirmoqda. Ayrim fermer xoʻjaliklarida paxtadan 70 sentnergacha hosil olinmoqda.
Mutaxassislar hisob-kitoblaricha, hozirda ekin yeriga asosiy ozuqa sifatida organik, fosforli hamda kaliyli oʻgʻitlar qoʻllanilmoqda. Konturlarda chuqur shudgorlashdan oldin har gektariga 200-300 kilogramdan fosforli oʻgʻit sepilib, haydalayotgani tuproq meliorativ holaini yaxshilab, ertangi hosil salmogʻida boʻy koʻrsatadi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati