Jongeldiliklar uchun oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkasi tashkil qilindi
2024-12-14 16:35:00 / Yangiliklar
“Jongeldi” MFY dagi keng yaylovlarda asosan chorvadorlik, yilqichilik, shuningdek, tadbirkorlik bilan shugʻullanib kelinayotgan asosan qozoq millatiga mansub qardoshlarimizdan tarkib topgan 800 nafarga yaqin aholi umrguzaronlik qilmoqda.
Uzoqqa bormaylik, oʻn yil burungi Qizilravot bugungi ovulidan tubdan farq qiladi. Buni ovul aholisi turmush tarzida yaqqol koʻrish mumkin. Masalan, 2021-yilda “Obod qishloq” davlat dasturi doirasida mahalla aholisini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash, yaroqsiz elektr tarmoqlari hamda transformatorlarini, simyogʻochlarini beton ustunga yangilash, yoʻl qurilishi kabi ishlar bajarilib, hudud qiyofasi oʻzgardi. Davlat dasturi doirasida hududda Qizilravot hamda Qizilqum qishloqlari ichki koʻchalari asfalt qilingan. Elektr taʼminoti yaxshilanib, transformator taʼmirlangan. Shuningdek, 960 ta simyogʻoch yangi beton ustuniga almashtirilgan va 102 ta simyogʻoch yangidan oʻrnatilgan. Mavjud 12 ta koʻchaga yoritish chiroqlari oʻrnatilgan.
Xususan, ovulida zarur infratuzilma – elektr energiyasi, yoʻl, issiqlik tizimi, isteʼmolga yaroqli toza ichimlik suv taʼminoti, suvoqava tarmogʻini qurish va talab darajasida taʼminlash ishlari bajarilgan. Mavjud ijtimoiy soha obyektlari taʼmirlanib, choʻlquvarlarga munosib turmush sharoitlari hozirlanmoqda.
Bugun jongeldiliklar uchun asosiy turdagi oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yaramarkasi tashkil etildi. Bundan ovulda yashovchilar yangi yil dasturxoni uchun arzon narxlardagi kundalik zarur qishoq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilish imkoniga ega boʻldilar. Tuman hokimligi, “Peshku dehqon bozori” MCHJ tomonidan tashkil etilgan yarmarkada shakar, tuxum, kartoshka, piyoz, yogʻ, guruch, meva-sabzavotlar va boshqa zarur oziq-ovqat mahsulotlari arzon narxda yetkazilgani choʻlquvarlar oilalarini xursand qildi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati