Gʻijduvon: "Ortiq Dilnavoz" MCHJda yuzdan oshiq xotin-qiz bandligi taʼminlanmoqda
2024-12-13 19:10:00 / Yangiliklar
Shu maqsadda Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi ishchi guruhi bir guruh tadbirkor ayollar hamrohligida Gʻijduvon tumanidagi "Ortiq Dilnavoz" ishlab chiqarish korxonasida boʻldilar.
“Gulistonobod” MFYda yashovchi “Ayollar daftari”ning 1-bosqichida roʻyxatga kiritilgan Dilnavoz Saidova davlat koʻmagida 6 oyda oʻzini oʻnglab olgan ayollardan. Dastlabgi faoliyatini 2021-yil fevralida “Har bir oila tadbirkor” dasturi asosida 30 million soʻm imtiyozli kredit mablagʻini olib, zamonaviy rusumdagi 7 ta tikuv mashinasi xarid qilgan, shundan soʻng, yarim yilda oʻzi singari 30 nafar xotin-qizni atrofiga birlashtirib, ish bilan band qilgan. Oʻshanda unga mahalladagi qarovsiz boʻlgan binobepul foydalanish uchun berilgan. Tadbirkorga aylangan ayol daromadi hisobidan bu binoni taʼmirlab, tikuv sexi faoliyatini yoʻlga qoʻygandi.
Dilnavoz Saidova ayni kunda "Ortiq Dilnavoz" MCHJ rahbari. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-sentyabrdagi “Xotin-qizlar bandligini oshirish va salomatligini mustahkamlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq faoliyatida kasanachilikni yoʻlga qoʻyib, 100 ga yaqin chevar xotin-qiz bandligini taʼminlamoqda.
Bu tikuv sexida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar asosan ichki bozorga yoʻnaltirilmoqda. Kichik fabrikada bir oyda 5 ming dona ayollar kiyim-kechagi, 60 ming dona ayollar roʻmoli va boshqa turdagi liboslar tayyorlanmoqda. Ichki imkoniyatlarini kengaytirish harakatida boʻlgan Dilnavoz Saidova keyingi bosqichda yana 50 nafar xotin-qizni ish bilan taʼminlashni maqsad qilgan. Eʼtiborlisi, uning qoʻli ostidagi jamoa asosan hududda ijtimoiy muhofazaga olingan, kamxarj oilalar aʼzolaridan shakllantirilgan boʻlib, ular oʻz mehnati evaziga ishlab, daromad topishmoqda.
Dilnavoz Saidova tinib-tinchimasligi, biznes tashabbuskorligi tufayli qisqa muddatda sifatli, raqobatbardosh mahsulotlari bilan ichki bozordan oʻrin egalladi. Joriy yilning avgust oyida tadbirkor ayol “Binesni rivojlantirish banki“ hamda “Kichik biznesga koʻmaklashish markazi” tomonidan “Eng faol ayol tadbirkor“ nominatsiyasida gʻoliblikni qoʻlga kiritgandi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati