Olot: Abdurahmonov xo‘jaligida qishda ham tomorqadan hosil olinmoqda
2024-12-07 09:50:00 / Yangiliklar
"Jayxunobod" MFY da o‘z mehnati, tinib-tinchimasligi ortidan ham ro‘zg‘ori, ham qishloqdoshlari dasturxoni to‘kinligiga hissa qo‘shayotgan tomorqachilar oz emas. Boisi mahallaning o‘zida bu kabi muammolar yechimini topmoqda. Hokim yordamchisi tavsiyasi asosida tomorqachi mirishkorlar imtiyozli kredit mablag‘i bilan qo‘llab-quvvatlanib, biznes loyihalar ro‘yobga chiqarilayotgani, odamlar halol mehnat qilib, modldiy manfaat topayotgani quvonarli, albatta.
Shundaylardan biri Abdurahmonovlar oilasi tomorqani butlab, yana chorva mollari va parranda boqib, xo‘jalikda mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanib, daromad topishmoqda. Oilaviy mehnat ortidan ro‘zg‘or kam-ko‘stini qoplab, to‘kin va xotirjam umrguzaronlik qilayotgan Isroil Abdurahmonov turmush o‘rtog‘i, o‘g‘li, kelini, hatto ikki nafar nabirasi bilan birgalikda ekin yerini obod qilishib, ro‘zg‘or ehtiyojini qondirishmoqda.
O‘tgan yili Zaynura Abdurahmonova issiqxona qurish taklifini bildirgach, oila a’zolari uni qo‘llab-quvvatlashgan, bugunga kelib esa imtiyozli kredit mablag‘i evaziga barpo qilingan moʻjaz issiqxonada qishki mavsumda sara mahsulot yetishtirilmoqda. Bir tomonda esa og‘ilxonada tuyoq soni ko‘paytirilib, sigir-buzoq va 50 bosh tovuq parvarishi risoladagidek. Demak, ro‘zg‘orda sut-qatiq, sariyog‘, tuxum dehqonchilik mahsuloti.
Xo‘jaligida yaxshigina ter to‘kayotgan oila a’zolari shu yil boshidan issiqxonada kartoshka, sarimsoqpiyoz, ismaloq, bulg‘or qalampiri, kashnich va boshqa ko‘katlarni yetishtirib kelishmoqda.
— Shu kunlarda tovuqlarimizdan kuniga 10 donadan ortiq tuxum olayotgan bo‘lsak, sigirimizdan kunlik 10 litrga yetkazib sut sog‘ib olayapmiz, – deydi xonadon sohibi Isroil Abdurahmonov. — Farzandlar, nabiralarimiz uchun ham kundalik dasturxonimizda sut-qatiq va tuxum serob. Yana rezavorlar, ko‘katlar tanga darmonda.
Bu xonadon hovlisida 30 dan ortiq mevali daraxt, moʻjaz tokzor ham bor. Demak, har yilgi pishiqchilik mavusumida sara meva, uzum ham ro‘zg‘or ehtiyoji uchun yetarlicha jamg‘arilmoqda. Hatto, bir chetda xurmo daraxtlari ham yiliga o‘rtacha 300 kilogramdan hosil berayotgani xonadon a’zolari mirishkorligidan dalolat. E’tiborlisi, qish fasli kirib kelganiga qaramasdan, bu xo‘jalik tomorqasida haligacha hosil yig‘ish ishlari davom etmoqda. Shu kunlarda takroriy ekin sifatida ekib yetishtirilgan karam hosili zahira qilinmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati