Vobkent: O‘zbakon ko‘prigi yangilanib, foydalanishga topshirildi
2024-12-05 21:20:00 / Yangiliklar
Respublika Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 17-iyuldagi 259-sonli maxsus qaroriga asosan Vobkent tumani "O‘zbakon" MFY dan Buxoro va Navoiy viloyatlari hamda Vobkent va Gʻijduvon tumanlarini bog‘lovchi mazkur ko‘prikda qayta qurish, tiklash ishlari boshlandi. Shaharlararo ahamiyatga ega ko‘prikni tiklashga doir loyiha qiymati 3 milliard so‘mni tashkil etib, bunda pudratchi tashkilot Romitan yo‘llardan muntazam foydalanish korxonasi davlat muassasasi ishchi-mutaxassislari alohida jonbozlik ko‘rsatdilar. O‘tgan oylarda bu manzildagi ko‘prik qurilishida o‘ttizdan ortiq quruvchi va yigirmadan ortiq texnika kuchidan foydalanildi.
O‘zbakon bilan qo‘shni mahallalarni bog‘lab turgan, eni 14 metr, uzunligi 24 metrdan iborat mazkur ko‘prikdan foydalanib kelinayotganiga hademay 50 yil to‘ladi. O‘tgan asr yetmishinchi yillarida barpo qilingan bu ko‘prik, qatnov qismi 1989-yilda har ikki tarafga 12 metrli plita bilan kengaytirilgan. Avtomobillar qatnovi uchun esa vaqtinchalik aylanma yo‘l tashkil etilgan. Xuddi shunday, hududda yo‘l sifatini yaxshilash hamda aholi va transport vositalari harakatlanishi uchun qulaylik yaratish maqsadida asosiy va ichki yo‘llarni qayta rekonstruksiya qilish ishi davom ettirilmoqda.
Qayta barpo qilingan ko‘prikni foydalanishga topshirish tadbirida viloyat hokimining o‘rinbosari J. Arashov, shuningdek, respublika ishchi guruhi a’zolari, tuman hokimligi, mahalla faollari, yo‘lsozlar jamoasi hozir bo‘ldilar.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar yangi qurilgan o‘tkazish vositasi aholi va yo‘lovchilarga ko‘p yil xizmat qilishini ta’kidladilar. Ko‘prik qurilishida ishtirok etgan yo‘lsozlar, romitanlik ishchi-mutaxassislarga minnatdorlik bildirilib, esdalik sovg‘alari topshirildi.
Yangi ko‘prikning ramziy lentasi qirqilgach, uning birinchi foydalanuvchilari sifatida nuroniylar yo‘llarimiz hamisha ravon bo‘lishi, bu kabi ko‘prik va yo‘llar qurilishi yo‘lovchilar mushkulini oson qilishini tilab duoga qo‘l ochdilar.