“Yil ayoli” milliy tanlovining viloyat bosqichi gʻoliblari taqdirlandi
2024-11-22 20:25:00 / Yangiliklar
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2022-yil 27-apreldagi qaroriga muvofiq tashkil qilingan “Yil ayoli” milliy tanlovi quyi bosqichida viloyatimiz shahar va tumanlaridan jami 300 dan ortiq ayol oʻz imkoniyatini sinovdan oʻtkazdi. Viloyat bosqichiga oʻtgan talabgorlar ishlari 11 ta nominatsiya boʻyicha tanlov hayʼat komissiyasi tomonidan oʻrganilib, gʻoliblar aniqlandi.
Bugun Abu Ali Ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot institutida mazkur tanlovning viloyat bosqichi gʻoliblarini tantanali taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.
Mazkur tanlov Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi, Gender tenglik va oila masalalari boʻyicha respublika komissiyasi, Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi, Oila va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi tomonidan mulkchilik shaklidan qatʼiy nazar korxona, tashkilot, muassasalarda mehnat qilayotgan xotin-qizlar hamda uy bekalari uchun eʼlon qilingan.
Nizom shartiga muvofiq, tanlovda 35 yoshdan yuqori boʻlgan, oʻzi faoliyat koʻrsatayotgan tashkilot nufuzini oshirishda faollik koʻrsatayotgan hamda oʻz yoʻnalishi va mutaxassisligida kamida 5 yil mobaynida uzluksiz shugʻullanib kelayotgan ayollar, qolaversa, uy bekalari ishtirok etdilar.
Tadbirda xotin-qizlarning ijtimoiy va siyosiy faolligini yuksaltirish, iqtisodiy imkoniyatini oshirish, taʼlim, sogʻliqni saqlash yoʻnalishlarida qoʻllab-quvvatlash, oila institutini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar eʼtirof etildi. Soʻzga chiqqanlar bugun jamiyatimizda xotin-qizlarning tutgan oʻrni, umuminsoniy va milliy qadriyatlarni mustahkamlashning ahamiyati xususida fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Eʼtirof qilinganidek, ayni kunda viloyatda turli sohalarda faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar 335 mingdan oshgan. Ularning 180 mingga yaqini davlat tashkilotlarida, 34 ming nafarga yaqini nodavlat tashkilotlarda, 121 ming 600 nafari xususiy sektorlarda faoliyat yuritmoqda. Xotin-qizlarni jamiyat hayotida faolligini oshirish maqsadida 2019-2023-yillarda 4 mingdan ortiq ayol rahbarlik lavozimlariga tayinlangan.
Vohada xotin-qizlarni tadbirkorlikka oʻqitish va “Mahorat darslari”da keyingi toʻrt yilda jami 1 ming 640 nafar xotin-qiz turli kasbga yoʻnaltirilgan. Natijada ularning bandligi taʼminlanib, mingga yaqini oʻz tadbirkorlik faoliyatini boshlagan va 8 mingdan oshiq xotin-qizning iqtisodiy va huquqiy bilimlari oshirilgan.
“Yil ayoli” milliy tanloviga kelsak, hayʼat qaroriga binoan, nufuzli milliy tanlovning 11 ta nominatsiya boʻyicha viloyat bosqichi gʻoliblari eʼlon qilindi.
Jumladan, tanlovning viloyat bosqichida “Yilning eng yaxshi gʻoyalar tashabbuskori” nominatsiyasida Buxoro muhandislik texnologiyasi instituti rektori, dotsent Sadoqat Siddiqova, “Yilning eng faol olima ayoli” nominatsiyasida Buxoro davlat pedagogika instituti professori, filologiya fanlari nomzodi Nigora Safarova, “Yilning eng vatanparvar ayoli” nominatsiyasida Shofirkon tumani IIB katta inspektori Guli Ochilova, “Yilning eng jonkuyar ustozi” nominatsiyasida Gʻijduvon tumani 21-sonli umumtaʼlim maktabi oʻqituvchisi Laylo Karimova, “Yilning eng kuchli maʼnaviy-maʼrifiy targʻibotchisi” nominatsiyasida Peshkoʻ tumani “Cheqirchi”MFY xotin-qizlar faoli Vazira Umedovalar oʻz tengsizliklarini isbotladilar.
Xuddi shunday, “Yilning eng ilgʻor tadbirkor ayoli” nominatsiyasida Qorakoʻl tumani “Mirzaqalʼa” MFY dan tadbirkor Zulfizar Toʻrayeva, “Yilning eng faol sogʻlom turmush tarzi targʻibotchisi” nominatsiyasida Romitan tibbiyot birlashmasi bosh hamshirasi Mamlakat Rajabova, “Yilning eng yaxshi uy bekasi” nominatsiyasida Kogon shahar “Mustaqillik” MFY dan Vazira Sadikova, “Oʻz kasbining ustasi boʻlgan yil ayoli” nominatsiyasida AT “Xalq banki” Shofirkon tuman boʻlimi boshligʻining oʻrinbosari Hilola Xolova, “Yilning eng yaxshi IT- dasturchi ayoli” nominatsiyasida Jondor tumani “PIXEL STAR” MCHJ dizayneri Mahbuba Boltayeva, “Yilning eng yaxshi ijodkor ayoli” nominatsiyasida respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Olot tumani boʻlinmasi bosh mutaxassisi Dilovar Joʻrayeva gʻoliblikni qoʻlga kiritdilar.
Gʻoliblarga viloyat hokimligi va tashkilotchilarning tashakkurnomasi hamda qimmatbaho esdalik sovgʻalari topshirildi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati