Buxoro shahri: “Havzinav”da ishsiz xotin-qiz qolmaydi
2024-11-15 19:30:00 / Yangiliklar
Viloyat markazidagi Havzinav mahallasi aholisining 1 ming 342 nafardan ortigʻini xotin-qiz tashkil etmoqda. Ular kasanachilik, hunarmandchilik, tadbirkorlik kabi 18 ta yoʻnalishda faoliyat yuritib, oʻz oilalariga moddiy daromad keltirmoqda.
Yilning dastlabki yarmida mahalladigi 35 nafar xotin-qizga “Mikrokreditbank” ATB tomonidan 700 million soʻmga yaqin imtiyozli kredit mablagʻi ajratilgan boʻlib, ular uydan chiqmay turib tadbirkorik ishini boshlab, moddiy manfaatdorlikka erishmoqdalar.
Jumladan, Feruza Nasriddinova tikuvchilik hunarini tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻlash fikrini uyidagilar bilan maslahatlashdi. Oʻzi istiqomat qiladigan Havzinav mahallasining xotin-qizlar faoliga ham bildirdi. Mahalla taklifi bilan Buxoro shahridagi "Ishga marhamat" monomarkazida oʻqib, tikuvchilik bilimlarini yanada mustahkamlab oldi.
Mahallaning xotin-qizlar faoli hamda hokim yordamchisi qoʻllovi bilan subsidiya asosida tikuvchilik mashinkasi va overlo olib, oʻz xonadonida faoliyatini boshlashiga koʻmaklashildi. Bungunga kelib Feruzani orzulari koʻp kuttirmadi. Tayinli mijozlar topib, buyurtmalarni tezlashtirdi. Hatto, koʻp oʻtmay "WILDBERRIES" kompaniyasi bilan shartnoma asosida erkaklar koʻylagi, futbolkalari va bolalar pijamalari tikishni yoʻlga qoʻydi. Bir oyda 500 tagacha kiyim tikib tayyorlab, hunari ortidan yaxshigina daromad topayotgan Fyeruza Nasriddinova ishlash istagida boʻlgan mahalladosh xotin-qizlarni yoniga olib, ishlik qilmoqda.
— Davlatimiz tomonidan biz ayollarga koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrlikdan minnatdorman. Xotin-qizlarga berilayotgan imtiyoz va imkoniyatlardan maqsadli foydalangan borki, baraka topar ekan, — deydi Feruza Nasriddinova.
Shu mahallaning Charmgaron koʻchasi, 36-uyida yashovchi Oliya Shukurova ham bundan ikki yil oldin subsidiya asosida tikuv mashinasi olib faoliyat boshlagan. Kelinlarining ham tikish-bichish ishlariga ishtiyoqi borligini koʻrgach, “Mikrokreditbank” ATB dan 100 million soʻm imtiyozli kredit olib, oʻz faoliyatini yanada kengaytirdi. Hozirda u qoʻshimcha 10 nafar ishchi oʻrni yaratishga erishdi.
— Mahallamizda 526 ta xonadon boʻlsa, biror xonadon yoʻqki, maʼlum bir kasb yoki hunar turi bilan shugʻullanmasa, – deydi mahallaning xotin-qizlar faoli Nodira Boltayeva. — Hatto, bir xonadonda 5-6 ta yoʻnalishda faoliyat olib borayotgan tadbirkor xotin-qizlarimiz mavjud. Muhimi, bugun oʻz layoqatiga muvofiq tadbirkorlik faoliyatini boshlayotgan ayollarning oʻziga boʻlgan ishonchi ortdi. Bu avvalo, Prezidentimizning xotin-qizlarga yaratib berayotgan imkoniyatlari tufayli deb bilaman. “Mikrokreditbank” bilan hamkorlikda olib borayotgan targʻibot ishlarimiz, ajratilayotgan imtiyozli kredit sarmoyasi natijasida xotin qizlarimizning bandligini taʼminlashga erishmoqdamiz. Maqsadimiz — toki, mahallamizda ishsiz xotin-qiz qolmasin.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati