Olot: "Nurobod"da supurgi biznesidan daromad topayotgan oilalar ko‘paymoqda
2024-10-16 12:20:00 / Yangiliklar
Ahamiyatlisi, bir nechta tumanga sotiladigan uy supurgisi shu yerda, aniqrog‘i, undagi Zafarobod qishlog‘ining uy xo‘jaliklari tomonidan tayyorlanadi. Olib borilayotgan o‘rganishlardan ma’lum bo‘lishicha, mahallada 342 ta xonadondan 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan aholining bir qismi aynan supurgi biznesi bilan mashg‘ul. E’tiborlisi, bu ish palapartish, nomiga emas, qishloqdoshlarning uyushqoqligi bilan amalga oshiriladi va mehnatga yarasha daromad topiladi. Ya’ni, supurgi uchun xom ashyoni yetishtirishdan tortib, uni tayyorlab sotishgacha bo‘lgan jarayon albatta oson ish emas va bu yumush aholi yakdilligida bajarilmoqda. Asosiysi, bundan xar bir xonadon manfaatdor.
Nurobodlik uch aka-uka Sobirovlar kuniga 150 dona supurgi tayyorlab, tomorqani butlab, chorva va parranda parvarishlab, moddiy manfaatdorliklarini oshirmoqdalar. Aka-ukalar tomorqadan unumli foydalanib kelishayotgani barobarida uyning hovlisida xom ashyo va yangi tayyorlangan supurgilarni saqlash uchun maxsus joy hozirlashgan. Shu birgina xonadonning o‘zida bir oyda 4 mingga yaqin tayyor supurgi bozori yo‘lga qo‘yilmoqda.
Latofat Sobirova xonadonidagi supurgilar sotishga chiqarish uchun hozirlanayotganligi ko‘zni quvontirmay qolmaydi. Qolganlari ham talabga qarab bir-ikki kunda bozordan o‘z xaridorini topishi aniq.
— Bir paytlar ota-bobolarimiz ro‘zg‘orga qo‘shimcha daromad bo‘ladi, deb supurgi bog‘lab tayyorlagan, — deydi Latofat Sobirova. — O‘shanda bu supurgi mahsulotini o‘zlari, uyma-uy yurib sotishgan. Hozirga kelib esa qishlog‘imizdagi 60 taga yaqin xonadonda supurgi bog‘lansa, qolgan hamqishloqlarimiz shu xonadonlarda mehnat qilib, umumiy ishdan kunlik daromadga ega bo‘lishmoqda.
Shu o‘rinda Sobirovlar xonadonidagi 6 sotixdan iborat mo‘jazgina tomorqada ham kuzgi ekinlar—sarimsoqpiyoz, piyoz, ismaloq va boshqa turdagi ko‘katlar yetishtirilib, xonadonga qo‘shimcha foyda kiritilmoqda. Qolaversa, bu xonadonda 5 bosh qoramol va o‘ndan oshiq parranda ham ro‘zg‘orni butlash, sut, qatiq, qaymoq va tuxum mahsulotlarini yetishtirish maqsadida parvarishlab kelinmoqda.
Xalqimizda “ish bilganga yuz tanga” degan naql bejiz aytilmagan. Ibratli jihati, har qarich yerdan unumli foydalanib, ro‘zg‘or ehtiyojini qondirayotgan xonadon egalari uch o‘g‘ilni uylantirib, uy-joyli qilib, ularni kasb-hunarli qilishib, mehnat orqasidan orzu-havaslarini ko‘rmoqdalar.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati