Olot: “Denov”da xaridorbop qurilish mollari tayyorlanmoqda
2024-09-24 12:10:00 / Yangiliklar
"Denov" mahalla fuqarolar yig‘inida "Karomat Oltin omadi" oilaviy korxonasi ish boshlaganiga ko‘p bo‘lmadi. Bunda bino-imoratlar fasad qismi uchun pardozbop koshin, plitalarini ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirib kelinadi. Bu esa bunday mahsulotga ehtiyoji bo‘lgan aholi vakillarining uzog‘ini yaqin qilib, aynan zamon talabiga mos, asosiysi, ortiqcha xarajatlarsiz qurilish mollarini shu yerning o‘zidan olib foydalanishga zamin yaratmoqda.
Oilaviy sexda tayyorlanayotgan g‘ishtin plitkalarni o‘rnatish oson, qolaversa, loy qorishmalarga ehtiyoj bo‘lmaydi. Ko‘rinishi pardozbop va sifatli mahsulotga talab oshayotgani bu yerda barqaror ish yuritishni taqozo etmoqda.
Elyorjon Ergashov yosh tadbirkor. Andijon shahrida kasb-hunarni o‘rganib, zarur malakani o‘zlashtirib, kerakli jihozlarni poytaxtdan buyurtma asosida tayyorlatib, keltirib, ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan. Umumiy qiymati 100 million so‘mni tashkil qiladigan loyiha kuniga o‘rtacha 30-40 metr kvadrat hajmdagi plitkalarni tayyorlash imkonini bermoqda. Har kvadrat metri 65 ming so‘mdan 90 ming so‘mgacha tayyorlab sotilayotgan mahsulotning ortidan oila yaxshigina daromad ko‘rmoqda. Assortimenti ustida ishlanayotgan mahsulot kuniga 30 kvadrat metrdan orttirib xaridorlarga yetkazilmoqda.
—Bu mahsulotni tayyorlashga bo‘lgan qiziqish meni vodiy viloyatiga boshlagani bugunga kelib o‘zini oqlamoqda. Bir qarashda qiyin ishday tuyilgani bilan, murakkab ish emas ekan,—deydi sex rahbari, yosh ishbilarmon Elyor Ergashev.—Qorishmalar uchun alohida dastgohdan foydalanishimiz ishimizni yanayam yengillashtiradi. Qorishmaga rang va boshqa mahsulotlarni me’yorida solish uning jozibadorligini oshiradi. Qizil, sariq, qora va yana o‘ndan ortiq tusdagi fasad plitkalarini tayyorlashni boshlaganimizga hademay bir yil to‘layotgan bo‘lsa, shu qisqa vaqtda o‘nlab xaridor topib, bino-inshootlar qurilishi va ta’mirida hissamiz qo‘shilayotganidan mamnunmiz. Qolaversa, bu biz uchun ham yaxshi tajriba, ham daromad manbai. Muhimi, xaridorlarga buyurtmalarni o‘z vaqtida yetkazib berib, ular ishonchini oqlasak, bas.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati