Romitanda “Navbahor” madaniyat markazi ochildi
2024-09-20 12:10:00 / Yangiliklar

Shu nuqtayi nazardan, bu borada viloyatimizda ham keng ko‘lamli chora-tadbir va loyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Romitan tumani, “Toshrabot” mahalla fuqarolar yig‘inida faoliyat yuritib kelgan 34-sonli “Navbahor” madaniyat markazi yaqinda mahalliy budjet mablag‘i hisobidan qayta ta’mirdan chiqarilib, talab darajasida jihozlandi.
— Bino o‘tgan asr 80-yillarida qurilgan bo‘lib, sobiq jamoa xo‘jaligi idorasi sifatida foydalanib kelingan, — deydi mazkur “Navbahor” madaniyat markazi rahbari Dilmurod Murodov. — Keyinchalik inshoot tuman madaniyat bo‘limi balansiga o‘tkazilgach, 2017 yilda qayta rekonstruksiya ishlari amalga oshirilib, yangicha ko‘rinishda, “Chelong‘u” madaniyat va aholi dam olish markazi sifatida faoliyat ko‘rsatib keldi. 2023 yilda 34-sonli “Navbahor” madaniyat markaziga aylantirilgan muassasada o‘tgan oyda ta’mirlash ishlari olib borilib, an’anaviy xonandalik, rubob, doyra, qonun, fortep’yano kabi musiqa to‘garaklari o‘tkaziladigan xonalar alohida jihozlandi. Bu ishlarga qariyb 300 million so‘m mablag‘ sarflangani holda, markazning zamonaviy qiyofa kasb etishida “Romitan nevropair” MCHJ binokorlari alohida jonbozlik ko‘rsatishdi.
Xuddi shunday, markaz kutubxonasi tashkil qilinib, unda 2 mingtadan ortiq kitob fondi yaratildi. Kinozali barpo qilinib, o‘smirlar va bolalar uchun kinofilm va multifilmlar namoyish etiladigan bo‘ldi. Ayni kunda 16 nafar ishchi-pedagog, to‘garak rahbari faoliyat yuritayotgan markazga san’atga qiziquvchi yuzdan ortiq o‘g‘il-qiz turli to‘garaklarga qatnamoqda.
“Navbahor” madaniyat markazini foydalanishga topshirish tadbirida respublika madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Avazxon Tadjixanov, viloyat madaniyat boshqarmasi boshlig‘i Sherzod Tilavov, shuningdek, jamoatchilik vakillari, mehnat faxriylari ishtirok etdilar. So‘zga chiqqanlar mazkur madaniyat maskani hudud aholisi, jumladan, yoshlar o‘rtasida madaniyat va san’atni keng targ‘ib etish, iste’dodli yigit-qizlarni tarbiyalab yetishtirishga xizmat qilishini ta’kidladilar.
Ramziy lenta qirqilgach, yig‘ilganlar markazda madaniyat xodimlari, yosh musiqa shinavandalari uchun yaratilgan shart-sharoit bilan yaqindan tanishdilar.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati