Olot: "Pichoqchi"dagi umumta’lim maktabi 300 o‘rinli qo‘shimcha o‘quv binosiga ega bo‘lmoqda
2024-09-19 17:25:00 / Yangiliklar
Shu nuqtayi nazardan, so‘ngi yillarda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Olot tumanida ham ko‘plab ziyo maskanlari yangidan barpo qilinib yoki kapital ta’mirlanib, moddiy-texnik imkoniyatlari yaxshilanayotgani ertamiz egalari ta’lim-tarbiyasi uchun muhim vosita bo‘lib xizmat qilmoqda.
O‘tgan oylarda olis "Pichoqchi" mahalla fuqarolar yig‘inidagi 24-sonli umumta’lim maktabida ham qo‘shimcha o‘quv binosi qurilishi jadal start olgandi. Shu kunga qadar mazkur maktabda 180 nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan o‘quv inshootidan foydalanib kelingan bo‘lsa, keyingi paytda bino ta’mirtalab ahvolga kelgani, qolaversa, hududda aholi soni o‘sgani barobarida ular farzandlari uchun yangi o‘quv binosiga ehtiyoj kuchaygani sababli tuman hokimligi sa’y-harakati bilan mazkur loyihaga qo‘l urildi. Endilikda sinfxonalar yetishmasligiga barham berilmoqda va shu boisdan o‘qishni ikki smenada tashkillashtirishga hojat qolmadi.
Mazkur loyiha umumiy qiymati 2 milliard 856 million so‘mga moliyalashtirilgan bo‘lib, zamonaviy andozadagi qo‘shimcha maktab binosi "Bunyod Shaxzod fayz" MCHJ binokorlari tomonidan bunyod etilmoqda. Shu kunlarda mazkur, 300 o‘quvchini o‘z bag‘riga oladigan ikki qavatli inshootda pardozlash va montaj ishlari bajarilib, zarur jihozlar bilan ta’minlanmoqda. Muhimi, yaqin kunlarda pichoqchiliklar uchun yangi zamonaviy qo‘shimcha o‘quv inshooti foydalanishga topshiriladi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati