Vobkent: “Tashabbusli budjet” doirasida maktabda futbol va voleybol maydonchalari, "O‘zbakon"da ko‘prik qurilmoqda
2024-09-14 18:30:00 / Yangiliklar
Loyiha jarayonining birinchi mavsumida mahalla aholisi tashabbusi va yakdilligi tufayli qo‘lga kiritilgan g‘oliblik asosida ta’lim dargohida shu kungacha mavjud bo‘lmagan sun’iy qoplamali yangi fudbol va voleybol maydonchalari qurib bitkazilib, maktabning sportsevar o‘quvchilari ixtiyoriga topshirildi. Buning uchun aholi tomonidan 1952 ta ovoz to‘planib, natijada budjet mablag‘i hisobidan 750 million so‘m sarmoya shu maqsadda yo‘naltirilgani ko‘pdan kutilgan yangilik bo‘ldi.
Vobkent tumanidagi "O‘zbakon" MFY dan o‘tuvchi avtomobil yo‘li, “4k-212” rusumli "Romitan-Xayrxush-Xayrobod" avtomobil yo‘lining aynan shu qishloqdan o‘tuvchi "Amu Buxoro kanali" ustidagi ko‘prigi keyingi yillarda ta’mirtalab ahvolga kelib qolgandi. Viloyat va tuman mas’ullari, ishchi guruhlar o‘rganishlaridan so‘ng ko‘prikni tez kunda ta’mirlash chora-tabiri ko‘rildi.
O‘zbakon bilan boshqa mahallalarni bog‘lab turgan, ayni paytda eni 14 metr, uzunligi 24 metrdan iborat mazkur ko‘prik o‘tgan asrning 70-yillarida qurilgan bo‘lib, uning qatnov qismi 1989 yilda har ikki tarafga 12 metrli plita asosida kengaytirilgan edi.
Nihoyat, shu yil avgust oyidan mazkur ko‘prikni Romitan yo‘llardan foydalanish davlat korxonasi pudratchiligida qayta ta’mirlash-tiklash ishlariga jadal kirishildi. Bu ishga 20 nafar ishchi-mutaxassis, 7 ta maxsus texnika vositasi safarbar qilingan.
Bajarilayotgan ish hajmiga ko‘ra, bu manzildagi ko‘prikda yo‘lovchi va avtomobillar qatnovi uchun vaqtinchalik aylanma yo‘l ham tashkil etildi. Hademay, qayta mustahkam ko‘rinishda barpo qilinayotgan ko‘prik aholi foydalanuviga topshiriladi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati