Mahalla uyushmasi tomonidan press-tur tashkil etildi
2025-10-24 10:00:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Mahallalar uyushmasi Boyovut tuman bo‘limi tomonidan Paxtakor mahallasida press-tur tashkil etildi. Tadbirda ommaviy axborot vositalari vakillari, mahalla faollari hamda jamoatchilik ishtirok etdi.
Press-tur davomida ishtirokchilarga Paxtakor mahallasida yangidan qurilgan mahalla binosi tanishtirildi. Mazkur bino aholiga yanada qulay sharoitlarda xizmat ko‘rsatish, mahalla fuqarolar yig‘ini faoliyatini zamonaviy asosda tashkil etish imkonini beradi. Shuningdek, ayni paytda Muqimiy va Beruniy mahallalarida ham yangi mahalla binolari qurilishi boshlanganligi ta'kidlandi.
Tadbir davomida mahallalarda tomorqalardan samarali foydalanish, to‘qsonbosti ekinlarini parvarishlash jarayonlari ham o‘rganildi. Yil davomida Mahalla uyushmasi tashabbusi bilan 10 mingdan ziyod ko‘chat ekilib, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida aholining faolligi sezilarli darajada oshgani qayd etildi.






