JAZODAN QO‘RQIB ALIMENT TO‘LAGAN MA’SULYATSIZ OTA
2025-06-18 09:00:00 / Yangiliklar

Farzand uchun hayotda ota-onadan mehribon zot yo‘q. Afsuski, ba’zan oiladagi kelishmovchiliklar oqibatida yuzaga kelayotgan ajrimlar natijasida ayrim ota-onalar o‘zlariga yuklatilgan vazifalarni unutib qo‘yishadi. Jumladan, bu yil 40 yoshni qarshilash arafasida turgan, boyovutlik M. Q. ham 2 nafar voyaga yetmagan farzandlari uchun to‘lanadigan aliment pulini o‘z vaqtida to‘lamasdan otalik mas’uliyatini unutib qo‘ydi.
Joriy yilning 3-aprel kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Boyovut tuman sudining ochiq sudi majlisida fuqaro M.Q.ga nisbatan yuritilgan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish ko‘rib chiqilganida, unga fuqarolik ishlari bo‘yicha Guliston tumanlararo sudining buyrug‘iga asosan, 2018-yil 11-yanvar kunidan boshlab jabrlanuvchi S.X.ning foydasiga ikki nafar voyaga yetmagan farzandlarining moddiy ta’minoti uchun ular voyaga yetguniga qadar har oydagi ish haqi va boshqa daromadlarining 1/3 qismi miqdorida aliment to‘lab borishi majburiyati belgilangan bo‘lsa-da, biroq u 2019-yil mart oyidan 2025-yil 1-aprel kuniga qadar, ya’ni, 6 yil davomida jami 99.922.514 (to‘qson to‘qqiz million to‘qqiz yuz yigirma ikki ming besh yuz o‘n to‘rt) so‘m aliment pullarini to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlab kelgan.
Boyovut tuman majburiy ijro byurosi tomonidan fuqaro M.Qga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 474-moddasi 1-qismi bilan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish qo‘zg‘atilib, mazmunan ko‘rib chiqishlik uchun jinoyat ishlari bo‘yicha Boyovut tuman sudiga taqdim etilganida, fuqaro M.Q. 6 yil maboynida 2 nafar voyaga yetmagan farzandlarining moddiy ta’minotiga qiziqmay, ular uchun to‘lanadigan aliment pullarini to‘lamasdan, bo‘yin tovlab kelgan bo‘lsada, sud majlisida MUQARRAR JAZODAN qo‘rqib, 99.922.514 (to‘qson to‘qqiz million to‘qqiz yuz yigirma ikki ming besh yuz o‘n to‘rt) so‘m aliment pullarini jabrlanuvchi S.X.ga to‘liq to‘lab berdi.
Natijada, jinoyat ishlari bo‘yicha Boyovut tuman sudi tergov sudyasi O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kedeksning 474-moddasi 2-qismida ko‘rsatilganidan kelib chiqib, fuqaro M.K.ning birinchi marotaba huquqbuzarlik sodir etganligini, ishni sudda ko‘rib chiqish jarayonida aliment majburiyatlari bo‘yicha qarzdorlikni to‘liq to‘lab berganligini inobatga olib, javobgarlikdan ozod qilib, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 271-moddasi 10-bandiga asosan tugatdi.
Baxrom XOLMATOV, Jinoyat ishlari bo‘yicha Boyovut tuman sudi tergov sudyasi
