Chorvachilikni rivojlantirish va fermer xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlashga bag‘ishlangan ko‘rgazmali seminar o‘tkazildi
2026-11-06 09:00:00 / Yangiliklar

Boyovut tumanidagi Oxunjon Ma’murov fermer xo‘jaligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 31-oktabrdagi “Aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan barqaror ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-322-son qarori ijrosini ta’minlash yuzasidan ko‘rgazmali seminar tashkil etildi.
Tadbirda Sirdaryo viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Abror Xidirov, qishloq xo‘jaligi sohasi mutasaddilari, tijorat banklari vakillari hamda fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirok etdi.
Seminarda davlatimiz rahbarining mazkur qarori bilan chorvachilikni rivojlantirish, oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish hajmini oshirish, fermer xo‘jaliklari faoliyatini diversifikatsiya qilish hamda ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash borasida yaratilayotgan imkoniyatlar muhokama qilindi.
Seminar davomida fermer xo‘jaliklari hududida 20 sotixgacha bo‘lgan maydonda chorva mollari boqishni tashkil etish, shuningdek, chorvachilik loyihalarini amalga oshirish uchun tijorat banklari orqali 1 milliard so‘mgacha kredit mablag‘larini fermer xo‘jaligi kafilligi asosida, qo‘shimcha garov talab etmagan holda ajratish imkoniyatlari yuzasidan tushuntirishlar berildi.
Tijorat banklari mas’ullari kredit olish tartibi, moliyalashtirish shartlari va tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari haqida ishtirokchilarga ma’lumot berdi. Shuningdek, fermer xo‘jaliklarida chorvachilik faoliyatini kengaytirish orqali qishloq joylarda yangi ish o‘rinlarini yaratish, aholi daromadlarini oshirish va ichki bozorda oziq-ovqat mahsulotlari barqarorligini ta’minlash masalalariga e’tibor qaratildi.
Seminar yakunida fermerlarga mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, istiqbolli chorvachilik loyihalarini ishlab chiqish hamda ularni amaliyotga tatbiq etish yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.



