Har bir muammoning yechimi bor: Boyovutda yangi ijtimoiy loyiha taqdim etildi
2026-11-05 09:00:00 / Yangiliklar

Muammo bor joyda savol tug‘iladi. Savol bor joyda esa javobga ehtiyoj paydo bo‘ladi. Eng muhimi, har bir muammoning yechimini topish. Boyovut tumani hokimligi tomonidan fuqarolarning huquqiy savodxonligini oshirish, kundalik hayotda uchraydigan turli muammolarga amaliy yechim ko‘rsatish maqsadida “Muammoga yechim” nomli yangi ijtimoiy loyiha ishlab chiqildi. Mazkur loyihaning mazmun-mohiyati, maqsadi va uni amalga oshirish mexanizmlari Boyovut tumani hokimi Niyoz Xazratkulovga taqdimot qilindi.
Loyihaning o‘ziga xosligi nimada?
Endilikda fuqarolar hayotida uchraydigan, ko‘pchilikni o‘ylantirayotgan masalalar oddiy va tushunarli tilda, zamonaviy animatsion videolavhalar orqali yoritiladi. Har bir videolavhada muayyan hayotiy muammo aks ettirilib, uning kelib chiqish sabablari, huquqiy asoslari va eng muhimi, muammoni hal etishning amaliy yo‘llari bosqichma-bosqich tushuntirib beriladi.
Loyiha taqdimotida ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan bildirilgan savol va takliflar asosida ham yangi mavzular tayyorlash, aholiga zarur ma’lumotlarni sodda, kreativ va ta’sirchan usulda yetkazish masalalariga e’tibor qaratildi. “Muammoga yechim” loyihasi doirasidagi animatsion videolavhalar Instagram va Telegram sahifalarda muntazam e’lon qilib borilishi ma’lum qilindi.



