Yashirin iqtisodiyotning oldini olish va budjet tushumlarini oshirish masalalari muhokama qilindi
2026-10-22 10:00:00 / Yangiliklar

Boyovut tumani hokimining birinchi o‘rinbosari Botirbek Usmanov va tuman prokurori Dilshod Babamuratov rahbarligida tumandagi iqtisodiy soha komplekslari rahbarlari ishtirokida suhbat o‘tkazildi. Unda hududda yashirin iqtisodiyotning oldini olish, tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash, iqtisodiy faollikni oshirish hamda budjetga tushumlarni ko‘paytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Suhbat davomida tadbirkorlik subyektlari faoliyatini qonuniy asosda tashkil etish, norasmiy bandlikni qisqartirish, soliq tushumlarini ta’minlash va halol raqobat muhitini shakllantirish borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar muhokama qilindi. Shuningdek, faoliyatini to‘xtatgan tadbirkorlik subyektlarini qayta tiklash, ularning muammo va takliflarini o‘rganish, biznes yuritish jarayonida yuzaga kelayotgan to‘siqlarni bartaraf etish hamda mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish zarurligi ta’kidlandi.
Muloqot yakunida iqtisodiy soha komplekslari rahbarlariga yashirin iqtisodiyot ko‘lamini qisqartirish, budjet tushumlarini oshirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va hududda qulay biznes muhitini yaratish borasidagi ishlarni tizimli tashkil etish yuzasidan tegishli vazifalar belgilab berildi.


