Uchturgon mahallasida 150 o‘rinli yangi bog‘cha foydalanishga topshirildi
2026-10-14 09:00:00 / Yangiliklar

Boyovut tumanida maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirish, bolajonlar uchun zamonaviy va qulay shart-sharoitlar yaratish borasidagi ishlar izchil davom etmoqda.
Bugun tumanning Uchturgon mahallasida 13-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining yangi binosi foydalanishga topshirildi. Mazkur maskan mahalla bolajonlari uchun munosib ta’lim-tarbiya olish imkoniyatlarini yanada kengaytiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-93-sonli qarori asosida 4,5 milliard so‘m mablag‘ evaziga barpo etilgan, 150 o‘rinli yangi bino zamonaviy talablar asosida qurildi. Tashkilotda bolalarning har tomonlama rivojlanishi, sifatli ta’lim-tarbiya olishi va bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun zarur sharoitlar yaratilgan.
Mazkur yangi maktabgacha ta’lim tashkilotining foydalanishga topshirilishi mahalladagi bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasini oshirish, ota-onalar uchun qulaylik yaratish hamda kelajak avlodning bilimli va sog‘lom bo‘lib voyaga yetishiga xizmat qiladi.









