DAVLAT AKTIVLARI — YANGI INVESTITSIYA VA TADBIRKORLIK IMKONIYATLARI
2026-10-14 10:00:00 / Yangiliklar

DAVLAT AKTIVLARI — YANGI INVESTITSIYA VA TADBIRKORLIK IMKONIYATLARI
Xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish — iqtisodiyotda xususiy sektor ulushini kengaytirishning muhim omili
Bugungi kunda mamlakatimizda iqtisodiyotda davlat ishtirokini bosqichma-bosqich qisqartirish, xususiy sektorning o‘rni va rolini yanada kuchaytirish, investitsiyalarni keng jalb etish hamda davlat aktivlaridan samarali foydalanishga qaratilgan islohotlar izchil davom ettirilmoqda.
Mazkur yo‘nalishdagi muhim hujjatlardan biri — O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 28-avgustdagi PF–177-son “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonidir.
Ushbu Farmon davlat ishtirokidagi korxonalarni transformatsiya qilish va xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish, davlat aktivlarini samarali boshqarish, ularga xususiy investitsiyalarni jalb etish hamda tadbirkorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Davlat ishtirokini qisqartirish — asosiy maqsad
Farmonda 2026-yilda iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiylashtirish bo‘yicha qator muhim maqsadli ko‘rsatkichlar belgilangan.
Xususan:
- 84 ta davlat va davlat ishtirokidagi xo‘jalik jamiyatlaridagi ulushlarni;
- 1 242 ta ko‘chmas mulk obyektini;
- tadbirkorlik va shaharsozlik maqsadlari uchun qariyb 8 ming gektar yer uchastkalarini
ommaviy savdolarga chiqarish rejalashtirilgan.
Shuningdek, 85 ta davlat ishtirokidagi korxonani tugatish va qayta tashkil etish, umumiy qiymati qariyb 100 trillion so‘mlik davlat va davlat ishtirokidagi korxonalar aktivlari hamda yer uchastkalarini savdoga chiqarish va bundan kamida 14 trillion so‘m tushum ta’minlash maqsad qilingan.
Mazkur ko‘rsatkichlar xususiylashtirish jarayoni alohida obyektlarni sotish bilangina cheklanib qolmay, iqtisodiyotda davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi nisbatni maqbullashtirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohot ekanini ko‘rsatadi.
Tadbirkorlar uchun qulay moliyaviy shartlar
Farmonning muhim jihatlaridan biri — davlat aktivlari va qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini sotib olishda tadbirkorlar uchun to‘lov shartlarining yanada qulaylashtirilganidir.
Unga ko‘ra, mazkur obyektlarni xarid qilishda 15 foiz miqdorida avans to‘lovi amalga oshiriladi. Avansni to‘lash uchun 30 kalendar kun muddat beriladi. Qolgan summani esa belgilangan tartibda foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratiladi.
Ayniqsa, yirik aktivlarni xarid qilishda belgilangan quyidagi mexanizmlar investor va tadbirkorlar uchun muhim ahamiyatga ega.
Elektron onlayn-auksion, tanlov va birja savdolarida sotilgan, xarid to‘lovi BHMning 23 ming baravaridan yuqori bo‘lgan davlat aktivlari hamda BHMning 8 ming baravaridan yuqori bo‘lgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalari bo‘yicha:
- xaridor 6 oy ichida to‘lovning 100 foizini amalga oshirsa, umumiy summaga nisbatan 25 foiz chegirma qo‘llanadi;
- 6 oy ichida 50 foiz to‘lov amalga oshirilgan taqdirda, qolgan mablag‘ni 7 yil davomida foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lash mumkin;
- 3 oy ichida 35 foiz to‘lov amalga oshirilsa, qolgan summa 5 yil davomida foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lanishi mumkin.
Bundan tashqari, davlat aktivi uchun to‘lovning kamida 50 foizi amalga oshirilganidan so‘ng, xaridorga obyektni rekonstruksiya qilish, jumladan, yangi qurilish uchun buzish va ta’mirlash huquqi beriladi.
Bu esa tadbirkorga obyektni xarid qilish bilan bir qatorda uni modernizatsiya qilish, yangi ishlab chiqarish yoki xizmat ko‘rsatish loyihalarini amalga oshirish va qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish imkonini beradi.
Sotilmagan aktivlar ham iqtisodiy aylanmaga qaytariladi
Amaliyotda ayrim davlat obyektlari savdoga chiqarilganiga qaramay, ularga xaridor topilmasligi mumkin. Farmonda bunday obyektlarni iqtisodiy aylanmaga jalb etish bo‘yicha ham aniq mexanizmlar belgilangan.
Jumladan, davlat aktivi ochiq elektron onlayn-auksion yoki birja savdosida 3 oy davomida sotilmasa, uning boshlang‘ich narxini bosqichma-bosqich, har safar 10 foizdan, 10 foizgacha pasaytirish imkoniyati nazarda tutilgan.
Shuningdek, aktiv 2 oy davomida sotilmagan taqdirda, Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga uni alohida lotlarga ajratish yoki birlashtirgan holda qayta savdoga chiqarish vakolati berilgan.
Mazkur mexanizmlar foydalanilmayotgan yoki samarasiz foydalanilayotgan davlat aktivlarini tezroq iqtisodiy aylanmaga kiritish, ularga yangi investorlarni jalb etish va tadbirkorlik loyihalarini amalga oshirish uchun sharoit yaratishga xizmat qiladi.
Sirdaryo viloyatida ham yangi imkoniyatlar
PF–177-sonli Farmonning 1-ilovasida hududlar kesimida davlat aktivlarini ommaviy savdolarga chiqarish bo‘yicha ko‘rsatkichlar ham belgilangan.
Unga ko‘ra, Sirdaryo viloyatida 40 ta ko‘chmas mulk obyekti ommaviy savdolarga chiqarilishi ko‘zda tutilgan. Ularning umumiy yer maydoni 32,9 gektar, bino va inshootlar maydoni esa 157 477,7 kvadrat metrni tashkil etadi.
Bundan tashqari, viloyatda yana 5 ta aktivni ommaviy savdolarga chiqarish va sotish jarayonlarini jadallashtirish belgilangan. Ushbu aktivlarning yer maydoni 0,5 gektar, bino va inshootlar maydoni esa 2 302,4 kvadrat metrni tashkil etadi.
Shuningdek, maqbullashtirish hisobidan 8 ta ma’muriy binoni ham savdoga chiqarish nazarda tutilgan.
Xulosa
Umuman olganda, davlat aktivlarini xususiylashtirish va ularni samarali boshqarishga qaratilgan mazkur chora-tadbirlar tadbirkorlar va investorlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda.
Davlat aktivlarining ochiq va shaffof savdolarga chiqarilishi, to‘lov mexanizmlarining qulaylashtirilishi, sotilmayotgan obyektlar bo‘yicha yangi yondashuvlarning joriy etilishi, eng muhimi, aktivlarni real iqtisodiy faoliyatga jalb etish — yangi loyihalarni amalga oshirish, ishlab chiqarish hajmini oshirish va qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish uchun muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Bugun tadbirkorlar uchun davlat aktivlari shunchaki sotib olinadigan mulk emas, balki yangi biznes loyihalarini amalga oshirish, investitsiya kiritish va iqtisodiy qiymat yaratish imkoniyati sifatida namoyon bo‘lmoqda.
“Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish”
AJ Sirdaryo viloyati hududiy vakili Ermakov Obid
