BOYOVUT TUMANIDA MAHALLIY BUDJET DAROMADLARI OSHIRILMOQDA
2026-09-21 09:00:00 / Yangiliklar

Boyovut tumani Iqtisodiyot va moliya bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Rustam Suvonov ishtirokida mahalliy budjet ijrosi, mablag‘lardan samarali foydalanish hamda aholi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi. Unda tuman mahalliy budjetining daromadlari va xarajatlari, ijtimoiy sohani moliyalashtirish, shuningdek, “Tashabbusli budjet” loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.
Matbuot anjumanida qayd etilganidek, joriy davrda Boyovut tumani bo‘yicha mahalliy budjet daromadlari rejasi 52,6 mlrd so‘m etib belgilangan. Amalda esa ushbu ko‘rsatkich 81,2 mlrd so‘mni tashkil etib, reja 154,3 foizga bajarilgan. Natijada mahalliy budjetga belgilangan rejaga nisbatan 28,6 mlrd so‘m qo‘shimcha mablag‘ tushirilishiga erishilgan.
Hisobot davrida tuman mahalliy budjetidan jami 101,8 mlrd so‘m mablag‘ sarflangan. Ushbu xarajatlarning 46,9 mlrd so‘mi yoki 46,1 foizi ijtimoiy sohani saqlash va rivojlantirishga yo‘naltirilgan.
Jumladan, tumandagi 56 ta maktab va maktabgacha ta’lim muassasasining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ularni saqlash hamda zarur xarajatlarini moliyalashtirish uchun 40,4 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan.
Bu esa mahalliy budjet mablag‘larini taqsimlashda ta’lim tizimini qo‘llab-quvvatlash, yosh avlod uchun munosib shart-sharoitlar yaratish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ko‘rsatadi.
Matbuot anjumanida aholi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlar ham alohida qayd etildi. Xususan, “Tashabbusli budjet” loyihasining 2026-yil 2-mavsumi doirasida Boyovut tumanida aholi va deputatlar tashabbusi asosida jami 12 ta loyiha g‘olib deb topilgan. Shundan 10 ta loyiha “Tashabbusli budjet” jarayoni, yana 2 ta loyiha “Deputat tanlovi” asosida amalga oshirilmoqda. Mazkur loyihalarni moliyalashtirish uchun jami 14 mlrd 778 mln so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan.
Anjuman yakunida ommaviy axborot vositalari vakillari tomonidan mahalliy budjet daromadlarini oshirish, budjet mablag‘laridan samarali va maqsadli foydalanish hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan berilgan savollarga mas’ullar tomonidan batafsil javoblar berildi.


