Yoshlar bandligi: bilimdan — amaliyotga
2026-09-20 09:00:00 / Yangiliklar

Boyovut tumanida yoshlarning bandligini ta’minlash, ularni zamonaviy kasblarga yo‘naltirish hamda mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan mutaxassisliklarni egallashiga ko‘maklashish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda. Shu maqsadda Boyovut tumani hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Zafar Kamolov tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun “Yoshlar bandligini ta’minlash va kasbga yo‘naltirish” mavzusida press-tur tashkil etildi.
Press-tur davomida yoshlarni kasb-hunarga o‘qitish, ularning bandligini ta’minlash hamda o‘z qiziqish va qobiliyatlariga mos yo‘nalish tanlashiga yaratilayotgan imkoniyatlar haqida ma’lumot berildi. Ayniqsa, dual ta’lim tizimi orqali yoshlarni nazariy bilim bilan bir qatorda, bevosita ishlab chiqarish jarayonida amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lishga yo‘naltirish masalasiga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Mazkur tizim yoshlarning kasbni amaliyot bilan uyg‘un holda o‘rganishi, tajriba orttirishi va kelgusida munosib ish o‘rniga ega bo‘lishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Tadbir davomida yoshlarni faqat ish bilan ta’minlash emas, balki ularga kasb o‘rgatish, malakasini oshirish va daromad topish imkoniyatini yaratish ustuvor vazifa ekani qayd etildi. Shuningdek, yoshlarni hunarmandchilik, zamonaviy kasblar, tadbirkorlik va boshqa daromadli faoliyat turlariga jalb etish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ham namoyish etildi.


