Qonuniylikni ta’minlash va jinoyatchilikka qarshi kurash — doimiy e’tiborda
2026-08-28 10:00:00 / Yangiliklar

Boyovut tumani Ichki ishlar bo‘limida tumanda qonuniylikni ta’minlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, korrupsiyaga qarshi kurashish hamda jamoat xavfsizligini mustahkamlash masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.
Tuman hokimi Niyoz Xazratkulov rahbarligida o‘tkazilgan yig‘ilishda tuman prokurori, Ichki ishlar bo‘limi rahbari, tegishli mutasaddi tashkilot va idoralar vakillari hamda mas’ul xodimlar ishtirok etdi.
Yig‘ilishda hududda qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi.
Alohida e’tibor korrupsiyaga qarshi kurashish, mansabdor shaxslar tomonidan qonun talablariga qat’iy rioya etilishi, xizmat vazifalarini bajarishda halollik, ochiqlik va shaffoflik tamoyillarini ta’minlash masalalariga qaratildi. Shuningdek, mahallalarda profilaktik ishlarni kuchaytirish, jinoyat sodir etishga moyil shaxslar bilan manzilli ishlash, oilaviy nizolar va yoshlar o‘rtasidagi huquqbuzarliklarning oldini olish, jamoat joylarida xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan mas’ullarning axborotlari tinglandi.
Muhokama davomida mavjud muammolar va yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar tanqidiy tahlil qilinib, ularni bartaraf etish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilandi. Har bir mas’ulga o‘z yo‘nalishida natijadorlikni oshirish, fuqarolar murojaatlariga e’tiborli bo‘lish hamda qonuniylikni ta’minlash borasidagi ishlarni kuchaytirish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.
Yig‘ilishda tumanda osoyishtalik va barqarorlikni ta’minlash faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning emas, balki barcha davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorlikdagi vazifasi ekani ta’kidlandi.




