"Tashabbusli budjet" tufayli zamonaviy qiyofa kasb etgan mahalla binosi foydalanishga topshirildi
2026-07-28 14:00:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida Boyovut tumanidagi "Boboyurt" mahallasida "Tashabbusli budjet" dasturi doirasida yangidan bunyod etilgan mahalla binosi tantanali ravishda foydalanishga topshirildi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Boyovut tumani hokimi Niyoz Xazratkulov, mahalla faollari, nuroniylar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan tuman hokimi mahalla ahlini yangi bino hamda yaqinlashib kelayotgan Mustaqillik bayrami bilan samimiy tabriklab, so‘nggi yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan mahalla institutini yanada mustahkamlash, tizim xodimlari uchun zamonaviy va qulay mehnat sharoitlarini yaratishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Qayd etilganidek, shu paytgacha mahalla xodimlari eskirgan va talab darajasidagi sharoitlarga ega bo‘lmagan binoda faoliyat yuritib kelayotgan edi. Mazkur muammoni bartaraf etish maqsadida "Tashabbusli budjet" loyihasi doirasida taklif ilgari surilib, fuqarolarning faol ovoz berishi natijasida loyiha g‘olib deb topildi.
Natijada davlat budjeti hisobidan 1,5 milliard so‘mlik mablag‘ evaziga zamonaviy mahalla binosi va mahalla guzari bunyod etildi. Yangi binoda fuqarolarni qabul qilish xonalari, mahalla tizimi xodimlari uchun xizmat xonalari, faollar zali hamda tikuvchilik xonasi tashkil etilib, aholiga xizmat ko‘rsatish sifati va qulayligini yanada oshirish uchun barcha zarur sharoitlar yaratildi.
Boyovut tumani hokimligi Axborot xizmati






