Boyovutda zamonaviy 180 o‘rinli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti foydalanishga topshirildi
2026-07-24 10:00:00 / Yangiliklar

Davlatimiz rahbarining tashabbuslari bilan ijtimoiy sohani rivojlantirish, ta’lim muassasalarini zamonaviy qiyofaga keltirish hamda bolalar uchun munosib shart-sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mazkur islohotlar doirasida Boyovut tumanida ham bunyodkorlik ishlari izchil davom etmoqda. Jumladan, Prezidentimizning tegishli qarori asosida Boyovut tumani Bekat mahallasidagi 19-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti o‘rnida zamonaviy, ikki qavatli, barcha qulayliklarga ega 180 o‘rinli yangi bino bunyod etildi.
Mazkur ta’lim muassasasi uzoq yillar davomida foydalanilgani sababli ta’mirtalab holatga kelgan bo‘lib, avvalgi 90 o‘rinli bino o‘rnida bunyod etilgan yangi bog‘cha quvvati ikki baravarga oshirildi. Endilikda mahalladagi ko‘proq bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish imkoniyati yaratildi. Shu bilan birga, yangi ish o‘rinlari tashkil etilib, aholi bandligini ta’minlashga ham munosib hissa qo‘shildi.
Qurilish-montaj ishlari "Sirdaryo Baraka Qurilish" MCHJ tomonidan sifatli va belgilangan muddatlarda amalga oshirildi. Muassasa zamonaviy o‘quv va o‘yin xonalari, yotoqxonalar, oshxona, musiqa va sport mashg‘ulotlari uchun zarur jihozlar hamda obodonlashtirilgan hudud bilan ta’minlangan.
Bugun bo‘lib o‘tgan tantanali ochilish marosimida Boyovut tumani hokimi Niyoz Xazratkulov ishtirok etib, mazkur zamonaviy ta’lim maskani foydalanishga topshirilgani bilan barchani muborakbod etdi. Ta’kidlanganidek, ushbu muhim ijtimoiy obyektning foydalanishga topshirilishi O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida Boyovut ahli, ayniqsa, jajji bolajonlar va ularning ota-onalari uchun munosib sovg‘a bo‘ldi.



