KORRUPSIYAGA QARSHI KURASH — JAMIYAT BARQARORLIGINING MUHIM OMILI
2026-07-17 14:00:00 / Yangiliklar

Korrupsiya — jamiyat taraqqiyotiga jiddiy to‘sqinlik qiluvchi, uni turli yo‘llar bilan izdan chiqaradigan xavfli illat hisoblanadi. U demokratiya tamoyillari va qonun ustuvorligiga putur yetkazib, inson huquqlari buzilishiga, davlat boshqaruvi tizimida muvozanatning yo‘qolishiga sabab bo‘ladi. Shu bilan birga, bozor iqtisodiyotining rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, aholi turmush darajasining pasayishi va xavfsizlikka tahdidlar paydo bo‘lishiga olib keladi.
Bu illatning keng tarqalishi jamiyatda davlat va qonunlarga bo‘lgan ishonchni zaiflashtiradi. Natijada ayrim mansabdor shaxslar tomonidan pora olish, tanish-bilishchilik, urug‘-aymoqchilik, guruhbozlik kabi salbiy holatlar odatiy hol sifatida qabul qilina boshlaydi. Oddiy fuqarolarda esa muammolarni hal etishda noqonuniy yo‘llardan foydalanishga moyillik, ya’ni “porasiz ish bitmaydi” degan noto‘g‘ri qarash shakllanishi xavfi yuzaga keladi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida qonunchilikni takomillashtirish, davlat boshqaruvini ochiq va shaffof qilish, jinoyat va huquqbuzarliklarga nisbatan jazoning muqarrarligini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu borada mas’ul idoralar faoliyati kuchaytirilib, profilaktik chora-tadbirlarga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu bilan birga, korrupsiyani batamom bartaraf etish faqat davlat organlari zimmasiga yuklanadigan vazifa emas. Bu — butun jamiyatning umumiy vazifasi hisoblanadi. Har bir fuqaro o‘z faoliyatida halollik va qonunga hurmat tamoyillariga amal qilgan holda, ushbu illatga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishi lozim.
Jamiyatda korrupsiyaga qarshi qat’iy pozisiyani qaror toptirish, fuqarolik ongi va huquqiy madaniyatni yuksaltirish orqali bu illatga qarshi samarali kurashish mumkin. Ana shundagina qonun ustuvorligi ta’minlanib, adolatli va barqaror jamiyat barpo etiladi.
R.Bahodirov, Jinoyat ishlari bo‘yicha Boyovut tuman sudi tergov sudyasi
