Boyovutda kambag‘allikni qisqartirish va bandlikni ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi
2026-07-10 10:00:00 / Majlislar

Boyovut tumani Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi.
Unda hokim yordamchilari tomonidan 2026-yilda tumanda kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash hamda fuqarolar daromadlarini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.
Qayd etilishicha, tumanda kambag‘allik darajasi yil boshidagi 7,4 foizdan bugungi kunda 3,1 foizga tushgan. Yil yakuniga qadar ushbu ko‘rsatkichni 2,3 foizga yetkazish rejalashtirilgan.
Joriy yilning birinchi yarim yilligida 1,7 mingta kambag‘al oila uchun ishlab chiqilgan individual rejalar asosida 2,9 mingta xizmat ko‘rsatildi. Jumladan, 800 nafari doimiy ishga joylashtirildi, 700 nafariga kredit va subsidiyalar ajratildi, 900 nafari tadbirkorlik faoliyatiga jalb etildi, 400 nafari kasb-hunarga o‘qitildi. Shuningdek, kambag‘allikka tushib qolish xavfi mavjud bo‘lgan 215 ta oilaga qo‘shimcha xizmatlar ko‘rsatilib, ularning daromadlarini oshirish choralari ko‘rildi.
Ma’lum qilinishicha, yil yakuniga qadar 2,1 mingta kambag‘al oilaga individual rejalar asosida 5,8 mingta xizmat ko‘rsatish rejalashtirilgan.
Matbuot anjumanida aholi bandligini ta’minlash borasidagi natijalar ham tahlil qilindi. Ta’kidlanishicha, tumanda ishsizlik darajasi yil boshidagi 5,3 foizdan 5 foizga pasaygan bo‘lib, yil yakuniga qadar uni 4,8 foizga tushirish maqsad qilingan.
Birinchi yarim yillikda doimiy ish o‘rinlariga joylashtirish bo‘yicha 1,3 ming nafar fuqaroning bandligini ta’minlash rejalashtirilgan bo‘lsa, amalda 1,4 ming nafar fuqaro ish bilan ta’minlandi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 49-son qarori ijrosi doirasida hududlarni yangicha yondashuvlar asosida rivojlantirish orqali aholi bandligini ta’minlash borasida ham belgilangan ko‘rsatkichlar ortig‘i bilan bajarilgani qayd etildi. Xususan, loyihaviy yondashuvlar asosida 5,4 ming nafar fuqaroning bandligini ta’minlash rejalashtirilgan bo‘lsa, amalda 8,7 ming nafar fuqaro bandligi ta’minlandi. Norasmiy bandlikni legallashtirish bo‘yicha 2,2 ming nafar, doimiy ish o‘rinlariga joylashtirish bo‘yicha esa 1,4 ming nafar fuqaroning bandligi ta’minlandi.
Anjumanda hokim yordamchilari tomonidan amalga oshirilayotgan mikroloyihalar natijalari ham alohida e’tirof etildi. Yil boshidan buyon 152 ta mikroloyiha ishga tushirilib, ular orqali 304 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Mazkur loyihalarning 26 tasi kambag‘al oilalar ishtirokida amalga oshirilgani ta’kidlandi.
Shuningdek, yil yakuniga qadar yana 165 ta mikroloyihani amalga oshirish hamda 330 ta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgani, bu borada barcha zarur chora-tadbirlar belgilab olingani ma’lum qilindi.
