Boyovut tumani hokimi Niyoz Xazratkulovning 30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan bayram tabrigi
2026-06-30 11:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Aziz va navqiron yoshlar! Qadrli o‘g‘il-qizlar!
Sizlarni 30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Bugungi Yangi O‘zbekistonda yoshlarga qaratilayotgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Prezidentimiz tashabbusi bilan yoshlarning sifatli ta’lim olishi, zamonaviy kasb-hunarlarni egallashi, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi, o‘z iqtidor va salohiyatini to‘liq namoyon etishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.
Boyovut tumanida ham yoshlarning bilim olishi, bandligini ta’minlash, sport va madaniyat bilan shug‘ullanishi, innovatsion g‘oya va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Zamonaviy ta’lim maskanlari, sport inshootlari, Yoshlar markazi va kasb-hunar o‘quv kurslari aynan sizlarning kelajagingiz uchun xizmat qilmoqda.
Aziz yoshlar!
Sizlar Vatanimizning eng katta boyligi, ertangi kunimizning bunyodkorlari va Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining ishonchli tayanchisiz. Sizlarning bilimga chanqoqligingiz, shijoatingiz, tashabbuskorligingiz va yurt taqdiriga daxldorlik tuyg‘uingiz mamlakatimizning yanada ravnaq topishida muhim o‘rin tutadi.
Bugun sizlardan faqat bir narsani kutamiz – tinimsiz o‘qish, izlanish, mehnat qilish va yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shish. Ishonchim komilki, Boyovut yoshlari o‘z bilim va iste’dodi, mehnatsevarligi hamda vatanparvarligi bilan nafaqat tumanimiz, balki viloyatimiz va mamlakatimiz sharafini yuksaklarga ko‘tarishda davom etadi.
Fursatdan foydalanib, yoshlar kamoloti yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan ota-onalar, ustoz-murabbiylar hamda barcha soha vakillariga samimiy minnatdorlik bildiraman.
Yana bir bor barchangizni 30-iyun – Yoshlar kuni bilan muborakbod etaman. Sizlarga mustahkam sog‘liq, baxt-saodat, ulkan marralar, ezgu orzularingizning ro‘yobi va hayot yo‘lingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.
Bayramingiz muborak bo‘lsin, aziz yoshlar! Kelajagingiz porloq, qadamingiz qutlug‘ bo‘lsin!
Hurmat bilan,
Niyoz Xazratkulov
Boyovut tumani hokimi
