Ijtimoiy soha bo‘yicha 2026-yilning olti oylik faoliyati tanqidiy-tahliliy muhokama qilindi
2026-07-09 10:00:00 / Yangiliklar

Boyovut tumani hokimi Niyoz Xazratkulov rahbarligida ijtimoiy soha rahbarlari ishtirokida 2026-yilning birinchi yarim yilligida amalga oshirilgan ishlar yakunlariga bag‘ishlangan tanqidiy-tahliliy yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, sport, yoshlar siyosati, bandlik va boshqa ijtimoiy yo‘nalishlarda joriy yilning olti oyida erishilgan natijalar atroflicha tahlil qilindi. Shu bilan birga, ayrim yo‘nalishlarda yo‘l qo‘yilgan kamchilik va sustkashliklar keskin tanqid ostiga olinib, ularni bartaraf etish bo‘yicha mas’ullarga aniq vazifalar belgilab berildi.
Ta’kidlanganidek, aholiga ko‘rsatilayotgan ijtimoiy xizmatlar sifatini yanada oshirish, murojaatlar bilan ishlash tizimini takomillashtirish hamda belgilangan ko‘rsatkichlarning o‘z vaqtida va sifatli ijrosini ta’minlash bundan buyon ham ustuvor vazifalardan biri bo‘lib qoladi.
Yig‘ilish davomida tashkiliy masalalar ham ko‘rib chiqildi. Unga ko‘ra:
Kamalov Zafarjon Kaimovich — Boyovut tumani hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga;
G‘aniyev Xudoyberdi Abduvali o‘g‘li — Boyovut tumani tibbiyot birlashmasi boshlig‘i lavozimiga;
Egamnazarov Sobir Tursinmurod o‘g‘li esa Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining Boyovut tumani bo‘limi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi etib tayinlangani e’lon qilindi.
Tuman hokimi yangi tayinlangan rahbarlarni mas’uliyatli vazifalari bilan tabriklab, ular oldiga aholi manfaatlarini ustuvor qo‘ygan holda tizimlarda samaradorlikni oshirish, mavjud muammolarni tezkor bartaraf etish hamda ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yangi bosqichga olib chiqish yuzasidan aniq vazifalarni belgilab berdi.


